Pokistondan munosabat: O‘zbekiston Prezidentining Murojaatnomasi mamlakatni yanada rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishda muhim dasturilamal bo‘ladi
Dekabr 28, 2025. 11:58 • 3 daq
• 258
ISLOMOBOD, 28-dekabr. /“Dunyo” AA/. Islomobod strategik tadqiqotlar instituti Rossiya va MDH davlatlari bo‘limi boshlig‘i Taymur Xon “Dunyo” AA uchun intervyusida Prezident Shavkat Mirziyoyevning parlament va xalqqa murojaatnomasi haqida fikr bildirdi:
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasini katta qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Amin bo‘ldimki, yaqin kelajakda O‘zbekiston misli ko‘rilmagan darajada rivojlanadi. Bu borada davlatingiz rahbari qator aniq maqsadlarni ilgari surdi. Ularni amalga oshirish uchun barcha jonbozlik ko‘rsatishi kerak.
Prezident mamlakat taraqqiyotiga g‘ov bo‘layotgan ko‘plab muammolar va ularning omillari haqida gapirdi. Iqtisodiyotni yanada liberallashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratishga asosiy eʼtibor qaratilishini alohida taʼkidladi.
Ekologiya masalalari ham Murojaatnomaning asosiy mavzusi bo‘ldi. Ekologiya, tabiatni asrab-avaylash, suv va ob-havo bilan bog‘liq muammolar faqat O‘zbekistonga tegishli emas. Ushbu global inqiroz butun jahon, xususan, Pokistonni ham jiddiy tashvishga solayapti. Pokistonda suv toshqinlari, qurg‘oqchilik, havoning ifloslanishi kabi muammolar kuzatilyapti. Ushbu ekologik inqirozlar esa bevosita insonlar salomatligiga salbiy taʼsir qilayotir. O‘zbekiston Prezidenti xalqaro minbarlardan turib ushbu muammoga butun dunyo birlashgan holda qarshi kurashishi kerakligini muntazam ravishda taʼkidlamoqda. Shuningdek, bir qator muhim tashabbuslarni ilgari suryapti.
Murojaatnomada taʼkidlangan hududlarda botanika va dendrologiya bog‘lari hamda soya-salqin sayr ko‘chalar barpo etish bo‘yicha maqsadlar va 2026-yilda Markaziy Osiyo Yashil universiteti faoliyati kengaytirish taklifi Pokiston tomoni uchun namuna bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti etib saylanganidan buyon xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratib kelmoqda. Natijada, O‘zbekiston ochiq va global muammolar bo‘yicha o‘z taklif va tashabbuslarini baralla ilgari surib kelmoqda. Mamlakatingiz rahbari, Murojaatnomada ushbu yo‘nalishga to‘xtalar ekan, O‘zbekistonning 2026-yildagi xalqaro maydondagi o‘rnini yanada mustahkamlash bo‘yicha ishlar davom etishini qayd etdi.
Taʼkidlanishicha, O‘zbekiston Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki va boshqa yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikda iqtisodiyotimizni texnologik modernizatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish, barqaror energetika va transport loyihalarini amalga oshirish borasidagi ishlar davom ettiriladi. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Turkiy davlatlar tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti doirasida anʼanaviy, keng qamrovli sheriklik aloqalari yanada kengaytiriladi.
Davlatingiz rahbarining O‘zbekistonning asosiy xorijiy hamkorlari qatorida Pokistonni ham tilga olgani meni juda quvontirdi. Pokiston va O‘zbekiston munosabatlari so‘nggi yillarda haqiqatdan ham yuqori bosqichga ko‘tarildi. Barcha sohalarda sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Ko‘plab pokistonlik investorlar yurtingizga qo‘shma loyihalarda ishtirok etayapti. Bu, albatta, O‘zbekistonda xorijiy sheriklar, xususan Pokiston vakillariga yaratilgan munosib sharoitlar tufayli, deb bilaman.
Ishonchim komilki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasi Respublikani yanada rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishda dasturiamal bo‘lib xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi