Moskvadan munosabat: O‘zbekiston Yevroosiyoda iqtisodiy, transport-logistika va gumanitar yo‘nalishda ishonchli hamkorga aylanmoqda
Iyun 06, 2026. 10:30 • 2 daq
• 21
MOSKVA, 6-iyun. /“Dunyo” AA/. Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi, Jamoatchilik diplomatiyasi va jahon siyosatini tahlil qilish markazi direktori, Rossiya xalqaro ishlar bo‘yicha kengashi eksperti Aleksandr Vorobyov “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 4–5-iyun kunlari Rossiyaga amaliy tashrifi hamda Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida ishtiroki yuzasidan fikr bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Sankt-Peterburgga tashrifi Moskva va Toshkent o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi. O‘zbekistonning Xalqaro iqtisodiy forumdagi bunday yuqori darajadagi ishtiroki ikki tomonlama munosabatlar darajasi va bugungi kunda amalga oshirilayotgan tashabbuslarning Toshkent uchun ham, Moskva uchun ham muhimligidan dalolat beradi.
Ushbu tashrif Moskva va Toshkent o‘rtasidagi munosabatlarni, eng avvalo, iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashning barqaror tendensiyasini namoyon etmoqda. Kun tartibi markazida O‘zbekistonda “Rosatom” ishtirokida AES qurilishi masalasi turibdi.
Mazkur loyiha jahon atom sanoati uchun ko‘p jihatdan ahamiyatlidir. U katta va kichik quvvatli obyektlarni yagona majmuada birlashtirgan atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha dunyodagi birinchi eksport shartnomasidir. Shuningdek, sanoat kooperatsiyasi va qo‘shma sanoat texnoparklari faoliyatini rag‘batlantirish, logistika va gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan ko‘plab iqtisodiy loyihalar muhokamalar markazida bo‘ldi.
O‘zbekiston yetakchisining Xalqaro iqtisodiy forumga tashrifi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha ilgari belgilangan tendensiyaning davomi bo‘ldi. May oyining ikkinchi yarmida tomonlar Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qilgan edi. Ostonada esa Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsan qatnashdi.
Hamkorlikning Toshkent uchun ham, Moskva uchun ham foydasidan tashqari, mazkur tashrif muhim geosiyosiy ahamiyatga ham ega. U O‘zbekistonning Moskva, Pekin va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari ishtirokidagi keng iqtisodiy, transport-logistika va gumanitar hamkorlikning tobora muhim elementiga aylanib borayotgan Yevroosiyo makonida barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlashdagi o‘rnini yanada namoyon etmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi