Pokistondan munosabat: O‘zbekiston yetakchisining diplomatik korpus oldiga qo‘ygan talablari mamlakatning xalqaro nufuzini yanada oshiradi
Yanvar 20, 2026. 19:22 • 2 daq
• 28
KARACHI, 20-yanvar. /“Dunyo” AA/. Karachi shahridagi O‘zbekiston savdo uyi rahbari va “Diners” kompaniyasi vitse-prezidenti Sohail Moten Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz tashqi siyosat idorasi va diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan o‘tkazgan uchrashuvi haqida fikr bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidentining Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi dunyoda kechayotgan global voqeliklarga munosib tashqi siyosat olib borish muhimligini yana bir bor namoyon etdi.
Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosatda qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan bir qatorda mamlakat tashqi siyosatini bugungi zamonga mos ravishda tashkil etish bo‘yicha dolzarb vazifalarni belgilab berdi. Bunday sharoitda Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar ishini yangicha tashkil qilish zarurligi taʼkidlandi.
O‘zbekiston yetakchisi “Barcha diplomatik vakolatxonalar mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanyaptimi?” degan masalani o‘rtaga qo‘ydi. Taʼkidlash joizki, zamonaviy diplomatiyaning imkoniyatlari juda katta bo‘lib, uning qamrovi siyosatdan tortib iqtisodiyot va madaniyat sohalarigacha kengayib bormoqda.
Davlatingiz rahbari taʼkidlaganidek, hozirgi sharoitda elchi degani faqat siyosiy muloqot yurituvchi shaxs emas, elchi – investitsiya va texnologiya olib keladigan, yangi eksport bozorlarini ochadigan, mamlakat fuqarolari huquqlarini himoya qiladigan davlat vakilidir.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari mamlakatga xorijiy investitsiyalarni va sarmoyadorlarni jalb etishda faol ishtirok etmoqda. Xususan, Pokiston bilan investitsiyaviy sheriklikni kuchaytirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Bu borada Islomobod shahridagi O‘zbekiston elchixonasining saʼy-harakatlarini alohida qayd etish joiz.
Elchixona va Karachi shahridagi O‘zbekiston savdo uyi o‘rtasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Birgalikda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining biznes-missiyalari va biznes-forumlari muntazam tashkil etilmoqda. Pokistonda keng ko‘lamli iqtisodiy diplomatiya olib borilishi natijasida yangi loyihalar ishlab chiqilmoqda, O‘zbekiston hududlarida qo‘shma korxonalar tashkil etilyapti, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda, eng muhimi – odamlarning farovonligi oshmoqda.
Shu o‘rinda taʼkidlash joizki, Pokiston biznesi O‘zbekiston bozorida farmatsevtika, to‘qimachilik, charm, tog‘-kon, axborot texnologiyalari va boshqa muhim yo‘nalishlarda ishtirok etishga yuqori qiziqish bildiryapti. Davlatingiz rahbari qo‘ygan talablar pokistonliklar uchun ham yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga turtki beradi, deb o‘ylayman.
Mehnat migrantlarini himoya qilishga qaratilayotgan eʼtiborni ham yuksak baholayman. Bu O‘zbekistonning o‘z fuqarolariga bo‘lgan yuqori eʼtiborini tasdiqlaydi.
Umuman olganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakat tashqi siyosat idorasi va diplomatik korpus oldiga qo‘ygan talablari O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yanada oshirish va global hamkorlikning yangi falsafasini aks ettirdi. Ishonchim komilki, yig‘ilishda bildirilgan taklif va tashabbuslar zamonaviy o‘zbek diplomatiyasini ilgari surishda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
