Pokistondan munosabat: TXIF-2026dagi kelishuvlar nafaqat O‘zbekiston iqtisodiyoti, balki butun mintaqa taraqqiyotiga xizmat qiladi

Iyun 19, 2026. 08:10 • 3 daq

113
Pokistondan munosabat: TXIF-2026dagi kelishuvlar nafaqat O‘zbekiston iqtisodiyoti, balki butun mintaqa taraqqiyotiga xizmat qiladi

ISLOMOBOD, 19-iyun. /“Dunyo” AA/. V Toshkent xalqaro investitsiya forumi ishtirokchisi, Pokistonning “City2sky” kompaniyasi tijoriy ishlar bo‘yicha direktori Mubin Taslim “Dunyo” AAga TXIF hamda mamlakatimiz taraqqiyoti va amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar haqida fikr bildirdi:

– Beshinchi bor o‘tkazilayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan mamnunman. Ushbu nufuzli tadbir nafaqat Markaziy Osiyodagi eng muhim investitsiya platformalaridan biri, balki turli davlatlar, moliya institutlari va biznes hamjamiyati vakillarini birlashtiruvchi samarali muloqot maydoniga aylanganini alohida ta’kidlamoqchiman.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forumdagi nutqi menda katta taassurot qoldirdi. Davlatingiz rahbari jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyatga qaramay, O‘zbekiston ochiq va pragmatik iqtisodiy siyosatni izchil davom ettirishini ta’kidladi. Prezident tomonidan investorlarning huquq va manfaatlari davlat tomonidan to‘liq kafolatlanishi haqida bildirilgan qat’iy pozitsiya xorijiy biznes vakillari uchun muhim ishonch omili bo‘ldi.

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonlarini jadallashtirayotgani, qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham biznes muhitini yanada yaxshilashga xizmat qilishi shubhasiz.

Prezident o‘z nutqida «yashil» iqtisodiyot, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga alohida urg‘u berdi. Bu esa kelajakda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar xalqaro investorlar e’tiborini tobora ko‘proq jalb etmoqda. Xususan, mamlakat rahbariyati tomonidan ochiq iqtisodiyotni shakllantirish, davlat ishtirokini qisqartirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro biznes uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuqori bahoga loyiq.

O‘zbekistonda logistika sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniya sifatida biz uchun eng muhim jihatlardan biri — investitsiya muhitining barqarorligi va shaffofligidir. O‘zbekistonda valyuta konvertatsiyasining erkinlashtirilishi, soliq tizimining soddalashtirilishi, davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi hamda litsenziya va ruxsat berish jarayonlarining yengillashtirilishi xorijiy investorlar uchun yangi imkoniyatlarni ochib berdi. Investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha huquqiy asoslarning mustahkamlanayotgani biznes yuritishdagi ishonchni yanada oshirmoqda.

Fikrimcha, O‘zbekistonning geostrategik joylashuvi uni mintaqaning muhim iqtisodiy va logistika markazlaridan biriga aylantirish uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Mamlakatning Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi ko‘prik sifatidagi o‘rni, transport yo‘laklarini rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, raqamli iqtisodiyot va turizm sohalaridagi ulkan salohiyati Pokiston ishbilarmon doiralari uchun ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning kengayib borayotgani, ikki mamlakat rahbarlari tomonidan o‘zaro savdo hajmini oshirish va yangi transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha namoyon etilayotgan siyosiy iroda biznes uchun mustahkam asos yaratmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish