O‘zbekiston delegatsiyasi AQSHning Sietl shahrida hududlararo hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi
Iyun 18, 2026. 18:30 • 2 daq
• 63SIETL, 18-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston delegatsiyasining AQSHning Sietl shahriga amalga oshirgan tashrifi sermazmun uchrashuvlar va muhim kelishuvlarga boy bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida Vashington shtati davlat kotibi Stiv Xobbs, Setl shahri merining o‘rinbosari Brayan Surratt, Vashington universiteti qoshidagi Yevropa, Rossiya va Yevroosiyo tadqiqotlari markazi (CEREAS) rahbariyati hamda akademik doiralar vakillari bilan samarali muzokaralar o‘tkazildi. Shuningdek, “Greater Seattle Partners” assotsiatsiyasi, davlat, biznes va iqtisodiy rivojlanish sohasi yetakchilari bilan istiqbolli sheriklik yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvlarda O‘zbekiston va AQSHning Tinch okeani shimoli-g‘arbiy hududi o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, innovatsiyalar, yuqori texnologiyalar, aerokosmik sanoat, ilg‘or ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va madaniyat sohalaridagi sheriklikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Akademik hamkorlik va ekspertlar muloqotini kengaytirish, Markaziy Osiyoning xalqaro munosabatlardagi o‘rni va ahamiyati yuzasidan fikr almashish tashrifning muhim jihatlaridan biri bo‘ldi. Delegatsiya a’zolari Vashington universitetida Markaziy Osiyoga oid ta’lim dasturlari va o‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan yangi tashabbuslar bilan yaqindan tanishdilar.
Ushbu tashrif yakunlari O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi imkoniyatlarini ochib berish bilan bir qatorda, ikki davlat o‘rtasidagi hududlararo va xalqlarro munosabatlarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



