O‘zbekiston va Bavariya kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

Oktabr 31, 2026. 16:00 • 2 daq

• 106
O‘zbekiston va Bavariya kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
O‘zbekiston va Bavariya kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
O‘zbekiston va Bavariya kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

MYUNXЕN, 31-oktabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchisi Dilshod Axatov Germaniyaning Bavariya federal hududiga tashrifi chog‘ida mahalliy hukumat, parlament, davlat idoralari va ishbilarmon doiralar vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralarda hududlararo hamkorlikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, kasb-hunar ta’limi va gumanitar almashinuv sohalaridagi sheriklikni mustahkamlash masalalariga asosiy e’tibor qaratildi.

Bavariya iqtisodiyot, mintaqaviy rivojlanish va energetika vazirligi davlat kotibi Tobias Gottxardt bilan uchrashuvda tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, investitsiyalarni jalb etish va korxonalar o‘rtasidagi kooperatsiyani kengaytirish muhokama qilindi. Shuningdek, malakali kadrlar tayyorlash hamda o‘zbekistonlik mutaxassislarni Bavariya mehnat bozoriga jalb etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar axborot texnologiyalari, yashil iqtisodiyot, energetika, transport, logistika, qurilish, to‘qimachilik, farmatsevtika va mashinosozlik yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini ham muhokama qildilar.

Bavariya iqtisodiyot vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan “Bayern – Fit for Partnership” dasturiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu dastur xorijlik mutaxassislar va kompaniyalar rahbarlarini nemis korxonalarining ilg‘or texnologiyalari bilan tanishtirish, malakasini oshirish va o‘zaro ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishga xizmat qiladi.

Muzokaralar yakunida Nyurnberg va Regensburg savdo-sanoat palatalari bilan birgalikda biznes-forumlar o‘tkazish yuzasidan kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, Bavariya ichki ishlar, sport va integratsiya vazirligi vakillari bilan xavfsizlik, yo‘l harakatini tashkil etish hamda yoshlar futbol jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida Germaniyaning mashhur “Motel One GmbH” mehmonxonalar tarmog‘i rahbariyati bilan ham alohida muzokaralar o‘tkazildi. Unda kompaniyani O‘zbekiston bozoriga olib chiqish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, mehmonxona va xizmat ko‘rsatish sektori uchun kadrlar tayyorlash hamda Germaniyadagi mehmonxonalarda o‘zbekistonlik mutaxassislarni ishga joylashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘tkazilgan uchrashuvlar O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi hududlararo aloqalarni yanada mustahkamlash, sarmoyalarni jalb etish hamda iqtisodiyot, ta’lim va gumanitar yo‘nalishlarda amaliy loyihalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish