AQShlik paralimpiada sovrindori 2027-yilda O‘zbekistonda o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok etish istagini bildirdi
Oktabr 31, 2026. 16:30 • 2 daq
•
SIETL, 31-oktabr. /“Dunyo” AA/. AQShlik ikki karra Paralimpiada sovrindori Teylor Svonson 2027 yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan para yengil atletika bo‘yicha jahon chempionatida qatnashish niyatida ekanini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Sportchining O‘zbekistonning Sietl shahridagi Bosh konsulligi orqali yo‘llagan videomurojaatida mamlakatimizda o‘tkaziladigan musobaqada ishtirok etish istagi va xalqaro sport anjumanlarining parasportni rivojlantirishdagi ahamiyati haqida so‘z boradi.
“O‘zbekistonda musobaqada ishtirok etish men uchun juda muhim. Bu sportdagi faoliyatim va o‘zimga bo‘lgan ishonchimni oshirishda, shuningdek, bu mamlakat haqidagi tasavvurlarni yanada kengaytirishda katta ahamiyat kasb etadi ”, – dedi sportchi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, parasport bo‘yicha xalqaro musobaqalar imkoniyati cheklangan va sog‘lig‘ida muammolari bo‘lgan insonlarga o‘z kuchiga ishonch bag‘ishlab, yangi marralarni zabt etish va salohiyatini yuzaga chiqarishga ko‘maklashadi.
Amerikalik sportchi o‘zbekistonlik muxlislarning qo‘llab-quvvatlashiga umid bildirib, O‘zbekistonda parasportchilar uchun yaratilgan sharoitlar hamda ko‘rsatilayotgan davlat ko‘magi haqida xalqaro hamjamiyatga so‘zlab berishni istashini ta’kidladi.
Chempionatning 2027-yilda — Los-Anjeles-2028 Paralimpiya o‘yinlari arafasida o‘tkazilishi musobaqaning ahamiyatini yanada oshiradi. Uning fikricha, mazkur turnir dunyoning yetakchi parasportchilari o‘z tayyorgarlik darajasini ko‘rsatadigan, O‘zbekiston esa o‘z sport salohiyatini xalqaro maydonda yaqqol namoyon etadigan nufuzli maydonga aylanadi.
Teylor Svonson parasprint bilan 2022-yilda shug‘ullana boshlagan. Parij-2024 Paralimpiya o‘yinlarida u 100 metrga yugurish bahslarida kumush va universal estafetada bronza medalini qo‘lga kiritgan. O‘zbekiston terma jamoasi ham Parijdagi Paralimpiadada tarixiy natija ko‘rsatib, 26 ta medal (10 ta oltin, 9 ta kumush va 7 ta bronza) bilan umumjamoa hisobida 13-o‘rinni egallagan edi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi