Siti Ruhaini Juhayatin: Bugungi kunda O‘zbekiston Indoneziya aholisi uchun jozibador sayyohlik manzillaridan biriga aylanmoqda

Noyabr 28, 2026. 12:00 • 3 daq

• 43
Siti Ruhaini Juhayatin: Bugungi kunda O‘zbekiston Indoneziya aholisi uchun jozibador sayyohlik manzillaridan biriga aylanmoqda

TOSHKENT, 28-noyabr. /“Dunyo” AA/. Indoneziyaning mamlakatimizdagi elchisi Siti Ruhaini Juhayatin 2027-yil – Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yilining rasmiy ochilishiga bag‘ishlangan marosim doirasida “Dunyo” AA muxbiriga intervyu berdi.

– Bugun ushbu forumda Indoneziya hukumati vakili sifatida ishtirok etayotganimdan juda mamnunman. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda diqqatga sazovor joylarning bunyod etilishi, turizmni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlarning amalga oshirilishini yuksak qadrlayman.

Turizm – bu, avvalo, xilma-xillik va o‘ziga xoslikni hurmat qilish, ularning qadriga yetish demakdir. Bu biz yagona global hamjamiyatning bir qismi sifatida yashayotgan dunyoni birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan yana-da yaxshiroq qilishimiz lozimligini anglatadi.

O‘zbekiston Prezidenti ham ushbu tadbir ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Davlat rahbarining murojaati juda mazmunli va ta’sirli bo‘ldi. Turizm – merosni asrab-avaylash, ma’rifat va atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishdir. Bugun biz ega bo‘lgan ne’matlar nafaqat o‘zimizga, balki kelajak avlodlarga ham tegishlidir. Hozir biz bahramand bo‘layotgan tabiiy boyliklar bizdan keyin keladigan avlodlar uchun ham saqlab qolinishi kerak.

Ushbu murojaat nafaqat forum ishtirokchilariga, balki butun jahon hamjamiyatiga qaratilgan. O‘zbekiston tarixiy meros va tabiiy boyliklarni asrab-avaylash yo‘lidagi sa’y-harakatlarni birlashtirishda yetakchi rol o‘ynaydi. Bu borada mamlakat kelajakning kompleks va barqaror turizmi bo‘yicha jozibador yo‘nalishlardan biriga aylanish uchun barcha shart-sharoitlarga ega.

Shu bilan birga, O‘zbekiston, xususan, “Umra plyus” dasturi Indoneziya aholisida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Elchixonamiz ham ushbu yo‘nalishni rivojlantirishdan manfaatdor. Shaxsan o‘zim O‘zbekistonda ko‘proq vaqt o‘tkazishni istardim.

Indoneziyaliklar uchun O‘zbekiston shunchaki sayyohlik yo‘nalishi emas, balki muhim ziyoratgoh hamdir. Bu, xususan, Imom al-Buxoriy va boshqa ko‘plab buyuk ulamolarning nomlari shu zamin bilan chambarchas bog‘liqligi bilan izohlanadi. Shu bois, bugungi kunda O‘zbekiston Indoneziya aholisi uchun jozibador sayyohlik manzillaridan biriga aylanmoqda.

Hozirgi vaqtda Indoneziyaning Toshkentdagi va O‘zbekistonning Jakartadagi elchixonalari O‘zbekistonga “Umra plyus” sayyohlik dasturlarini targ‘ib qilish va qo‘llab-quvvatlash ustida birgalikda ish olib bormoqda.

Har yili Indoneziyaning 700 mingga yaqin fuqarosi “Umra plyus” dasturi bo‘yicha turli mintaqalarga safar qiladi. Umid qilamizki, O‘zbekiston ushbu yo‘nalish salohiyatini ro‘yobga chiqara oladi va bunday dasturlarning yana-da ko‘proq ishtirokchilarini jalb etadi.

O‘z navbatida, Indoneziya ham o‘zbekistonlik do‘stlarni mamlakatimizga tashrif buyurish, uning boy madaniyati bilan tanishish va go‘zalligidan bahramand bo‘lishga taklif etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish