Varshavadan munosabat: TDT sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda

May 17, 2026. 17:00 • 2 daq

3
Varshavadan munosabat: TDT sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda

VARSHAVA, 17-may. /“Dunyo” AA/. Polshalik taniqli siyosiy tahlilchi Natalya Potera-O‘zdemir “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 15-may kuni Turkiston shahriga amalga oshirgan xizmat safari va Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitidagi ishtiroki yuzasidan fikr bildirdi:

– Fikrimcha, Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashining Turkiston shahrida “Sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish” mavzusida o‘tkazilgan norasmiy sammiti turkiy davlatlar asta-sekin anʼanaviy madaniy va til doiralaridan tashqariga chiqib, hamkorlikni yangi yo‘nalishlarda kengaytirishga intilayotganini yaqqol ko‘rsatadi.

Yangi texnologiyalar, iqtisodiy integratsiya va raqamli transformatsiyaga ustuvor ahamiyat berilishi TDTning o‘z rolini o‘zgarib borayotgan geosiyosiy muhit sharoitida qayta anglashga intilayotganini anglatadi.

Sammit kun tartibida sunʼiy intellekt va raqamlashtirish masalalarining markaziy o‘rin egallashi davlatlar tomonidan texnologik salohiyat kelajakda xalqaro mavqeni belgilaydigan asosiy omillardan biri sifatida tan olinayotganidan dalolat. Amalda bu kiberxavfsizlik, elektron tijorat, raqamli infratuzilma, “aqlli” davlat boshqaruvi tizimlari va raqamli to‘lov tizimlari sohalarida hamkorlikning yana-da institutsionallashuviga intilishdir.

Garchi, TDT hali Yevropa Ittifoqi darajasidagi integratsiyaga yetmagan bo‘lsa-da, u bosqichma-bosqich pragmatik va strategik hamkorlik formati sari evolyutsiya qilib bormoqda.

Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan ushbu sammit keng xalqaro kontekstda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki bu tadbir jahon miqyosida texnologik raqobat kuchaygan, sunʼiy intellekt xavfsizlik siyosatining ajralmas qismiga aylangan, global taʼminot zanjirlari qayta shakllanayotgan hamda Yevroosiyo mintaqasi strategik tranzit va logistika markazi sifatida tobora muhim o‘rin egallayotgan bir sharoitda o‘tkazildi.

Umuman olganda, Turkiston sammiti TDT rivojining yangi bosqichini boshlab berishi mumkin. Agar qabul qilinadigan qarorlarni amalga oshirishning aniq mexanizmlari yaratilsa, tashkilot kelgusida nafaqat madaniy va siyosiy muloqot maydoni, balki amaliy vazifalarni hal qiladigan kuchli mintaqaviy tuzilma sifatida shakllanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish