O‘zbekiston delegatsiyasi Misrda cho‘l hududlarini o‘zlashtirish bo‘yicha ilg‘or tajriba bilan tanishdi
Fevral 08, 2026. 11:20 • 2 daq
• 38QOHIRA, 8-fevral. /“Dunyo” AA/. Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha kengash raisi Saxi Annaklichev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Misrga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Delegatsiya tarkibidan “Turonbank” ATB raisi Chingiz Mirzayev, “UzAgroStar Holding” direktori Farhod Muxiddinov, “Bulung‘ur – Agro Star” MCHJ direktori Mahmud Bozorboyev, “Agro Gold Premium” rahbari Sherzod Sultonov hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari o‘rin oldi.
Tashrif doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida cho‘l hududlarini o‘zlashtirish, yer osti suvlaridan samarali foydalanish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda yirik agroloyihalarni amalga oshirish bo‘yicha “Mustaqbal Misr” kompaniyasining ilg‘or tajribasi taqdim etildi.
Muzokaralar chog‘ida ushbu tajribani O‘zbekiston sharoitida qo‘llash, qishloq xo‘jaligi sohasida investitsion hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, delegatsiya “Yangi delta” hududida joylashgan yirik dala maydonlariga tashrif buyurib, loyihalarni amalga oshirish ko‘lami, yerlarni rejalashtirish darajasi hamda mazkur tashabbuslarning mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda tutgan o‘rni bilan bevosita tanishdi.
Tomonlar mazkur tajriba O‘zbekistonda cho‘l hududlarini o‘zlashtirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini kengaytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.
“Mustaqbal Misr” (Misr istiqboli) loyihasi Misrda amalga oshirilayotgan yirik davlat ahamiyatiga ega dasturlardan biri bo‘lib, u asosan mamlakatning g‘arbiy qismida cho‘l hududlarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma barpo etish, yangi jamoalar, ish o‘rinlari hamda ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga qaratilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




