Logo

O‘zbekiston va Shri-Lanka o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalari kengaytiriladi

Aprel 27, 2026. 11:27 • 2 daq

190
O‘zbekiston va Shri-Lanka o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalari kengaytiriladi

ISLOMOBOD, 27-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Shri-Lankadagi elchisi (qarorgohi Islomobod shahrida) Alisher To‘xtayev ushbu davlat Milliy savdo-sanoat palatasi raisi Anura Varnakulassuriya bilan videokonferensiya orqali uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Shri-Lanka o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish va yangi hamkorlik yo‘nalishlarini ishlab chiqish masalalarini muhokama qildi.

Qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, logistika, farmatsevtika va turizm sohalari asosiy hamkorlik yo‘nalishlari sifatida belgilandi. Ushbu sohalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar o‘rtasida B2B formatida uchrashuvlar tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.

Muzokaralarda turizm sohasiga alohida eʼtibor qaratildi. Shri-Lanka tomoniga O‘zbekistonning boy sayyohlik imkoniyatlari, tarixiy va madaniy merosi hamda ushbu mamlakat fuqarolari uchun joriy etilgan soddalashtirilgan viza tartibi haqida maʼlumot berildi.

Anura Varnakulassuriya O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy, transport va turizm sohalaridagi hamkorlik har ikki tomon uchun foydali ekanini qayd etdi. Uning aytishicha, Shri-Lanka tadbirkorlari O‘zbekistonga investitsiya kiritishga qiziqish bildirmoqda.

Shuningdek, joriy yil iyun oyida Shri-Lankada o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Sri-Lanka Expo-2026” ko‘rgazmasida O‘zbekiston vakillarining ishtirokini taʼminlash taklifi ilgari surildi.

Umuman, uchrashuv davomida bildirilgan fikr va tashabbuslar ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiya va turizm sohalaridagi hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish