Logo

O‘zbekiston zargarlik buyumlari Malayziya bozoriga chiqariladi

Fevral 25, 2026. 12:53 • 55 soniya

26
O‘zbekiston zargarlik buyumlari Malayziya bozoriga chiqariladi
O‘zbekiston zargarlik buyumlari Malayziya bozoriga chiqariladi

KUALA-LUMPUR, 25-fevral. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz diplomatlari Malayziyaning eng yirik zargarlik xoldinglari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqotlar davomida Malayziyaning zargarlik sohasidagi yetakchi tuzilmalari — “Habib Jewels” kompaniyasi bosh menejeri Xelen Mak va “Tomei Consolidated Berhad” guruhi ijrochi direktori Ng Yi Ping bilan istiqboldagi hamkorlik rejalari muhokama qilindi. Xorijiy tomonga O‘zbekiston zargarlik sanoatida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, mahalliy brendlarning eksport salohiyati va sohada investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

“Tomei Consolidated Berhad” xoldingi rahbari Ng Yi Ping O‘zbekistonda zargarlik sanʼatining jadal rivojlanishini yuqori baholadi. Tadbirkorning qayd etishicha, Malayziya bozorida asosan 20 va 22 karatli (833 va 916 probali) oltin buyumlariga talab yuqori. Shu bois, kompaniya O‘zbekistondan yuqori probali va milliy uslub bilan uyg‘unlashgan zamonaviy taqinchoqlarni import qilish masalasini atroflicha ko‘rib chiqmoqda.

Muzokaralar yakunida o‘zbekistonlik zargarlar uchun Malayziyadagi chakana savdo tarmoqlari faoliyati bilan yaqindan tanishish va xalqaro ko‘rgazmalar doirasida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bu kabi aloqalar “Yangi O‘zbekiston” brendi ostidagi zargarlik mahsulotlarining Janubi-Sharqiy Osiyo bozorlarida mustahkam o‘rin egallashiga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish