Misrning yirik holdingi bilan eksport-import yo‘nalishida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
Fevral 24, 2026. 09:55 • 55 soniya
• 107
QOHIRA, 24-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida “Heaven‘s Collection”, “Flower Planet” va “Solar Star” kompaniyalarini birlashtirgan xalqaro savdo va investitsiya holdingi raisi Mustafo al-Boraye bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida misrlik ishbilarmon O‘zbekistonda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay investitsiyaviy muhitni yuqori baholab, o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda Misrdan yurtimizga sarxil ho‘l mevalar, O‘zbekistondan esa quruq mevalar yetkazib berish masalalari muhokama qilindi. Holding rahbari o‘zbek mahsulotlarini Misr orqali Afrika bozorlariga eksport qilishda logistik va amaliy ko‘mak berish istagini bildirdi.
Muzokaralar yakunida hamkorlikning amaliy jihatlarini, jumladan, mehmonxonalar uchun mebel ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi loyihalarini muhokama qilish maqsadida Mustafo al-Borayening O‘zbekistonga amaliy safarini tashkil etishga kelishib olindi. Tashrif doirasida mamlakatimizning salohiyatli tadbirkorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalari o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda.
Mazkur holding qishloq xo‘jaligi, gulchilik va parrandachilik sohalarida katta tajribaga ega. Holding tarkibidagi “Flower Planet” kompaniyasi 25 gektar maydonda Niderlandiyadan keltirilgan noyob gullarni yetishtirib, eksport qiladi. Shuningdek, xolding tarkibidagi xususiy fermalarda Afrika tuyaqushlari parvarishlanib, yiliga ming tonnadan ziyod parranda go‘shti xorijga yetkazib berilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
