O‘zbekiston mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari futbol bo‘yicha xalqaro turnir g‘olibi bo‘ldi
Iyun 02, 2026. 09:55 • 2 daq
• 216VARSHAVA, 2-iyun. /“Dunyo” AA/. Varshava shahridagi “OSiR Bemowo” stadionida mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida futbol bo‘yicha XVII Polsha xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston elchixonasi xodimlarining xabar berishicha, turnirda 39 ta jamoadan 400 nafarga yaqin yosh sportchi, jumladan, Polsha, Chexiya, Slovakiya, Sloveniya va O‘zbekiston vakillari ishtirok etdi.
Ushbu sport tadbirida vakillarimizning ishtirok etishida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi yaqindan ko‘mak berdi.
Turnir davomida 97 ta uchrashuv o‘tkazilib, jami 449 ta gol urildi. Bahslar halol, o‘zaro hurmat va do‘stlik ruhida o‘tdi.
Qizg‘in kechgan bahslar yakunida O‘zbekiston yoshlari finalda “Legnickie Orły Legnica” jamoasi ustidan g‘alaba qozonib, turnir g‘olibi bo‘ldi.
Shu tariqa bu galgi futbol bo‘yicha Polsha xalqaro turnirida:
I o‘rin – O‘zbekiston;
II o‘rin – “Legnickie Orły Legnica”;
III o‘rin – “Sternik Szczecin” jamoalariga nasib etdi.
Terma jamoamiz a’zosi Maksim Islomov turnirning eng yaxshi darvozaboni deb topildi. Bu uning butun chempionat davomidagi yuksak mahorati va ishonchli o‘yinining e’tirofi bo‘ldi.
O‘zbekistonning Varshavadagi elchixonasi ushbu sovringa O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi ko‘magi hamda yosh sportchilarning yuksak tayyorgarligi, intizomi, qat’iyati va o‘z mamlakatini xalqaro maydonda munosib himoya qilishga bo‘lgan intilishi tufayli erishilganini qayd etdi.
Mazkur musobaqa ikki mamlakat o‘rtasidagi sport, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlashga va turli mamlakatlar bolalari o‘rtasida do‘stlik aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladigan muhim voqea bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Edmontonda O‘zbekiston futbol jamoasiga vatandoshlar va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari vakillari faol muxlislik qildi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining AQSHga yetib borishi ijtimoiy tarmoqlarda katta rezonans uyg‘otdi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Nyu-Yorkda tantanali kutib olindi




