Davlatimiz rahbari O‘zbekistonning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raisligida amalga oshiriladigan loyihalarni ko‘rib chiqdi
Noyabr 09, 2026. 19:42 • 3 daq
• 87
TOSHKENT, 9-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun O‘zbekistonning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raisligi davrida amalga oshirish rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) 1993-yilda Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan tashkil etilgan. O‘tgan yillarda mintaqa davlatlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro samarali hamkorlik hamda qator xalqaro tashkilotlarning ko‘magi tufayli jamg‘arma Orol dengizi havzasi suv resurslarini kelishilgan holda boshqarishni ta’minlashga erishdi.
Markaziy Osiyoda suv taqchilligining kuchayishiga olib kelayotgan iqlim o‘zgarishlari va suv iste’moli ko‘payib borayotgan bugungi sharoitda jamg‘armaning roli va ahamiyati yanada ortib bormoqda. O‘zbekiston 2027-2029-yillarda Orolni qutqarish Xalqaro jamg‘armasiga raislik qiladi.
Taqdimotda ushbu davr mobaynida amalga oshirish rejalashtirilgan loyihalar va e’tibor markazida bo‘ladigan masalalar ko‘rib chiqildi.
Suv resurslari, ekologiya va ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlarni qamrab olgan 133 ta loyiha ishlab chiqilgani ta’kidlandi. Xususan, ushbu loyihalar doirasida suv xo‘jaligi inshootlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, suv resurslarini taqsimlash, hisobga olish hamda monitoring qilishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish, gidrometeorologik ma’lumotlar monitoringi, toshqinlar va qurg‘oqchilik bo‘yicha prognozlash hamda erta ogohlantirishning mintaqaviy raqamli platformasini yaratish, aholini ichimlik suvi va sanitariya xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish kabi ko‘plab chora-tadbirlar ilgari suriladi.
Mazkur loyihalarning qiymati 3,3 milliard dollarni tashkil etadi. Ular Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yashil iqlim jamg‘armasi, Global ekologik jamg‘arma hamda boshqa xalqaro tashkilotlar ko‘magida moliyalashtiriladi.
Prezidentimiz ushbu loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish muhimligini ta’kidlab, kelgusi yilda bajariladigan ishlarga doir oylar kesimida “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash va ijrosini tashkil etishni topshirdi. Loyihalarni hayotga tatbiq etishga xalqaro ekspertlar, professor-olimlar va xorijdagi vatandoshlarimizni ham jalb etish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Taqdimotda O‘zbekistonning OQXJga raisligi davridagi ustuvor masalalar ham muhokama qilindi. Jamg‘arma tuzilmasi va shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirishni davom ettirish, uning organlari vakolatlarini aniq taqsimlashni ta’minlash, Afg‘oniston bilan konstruktiv hamkorlikni mustahkamlashga alohida ahamiyat beriladi. Jamg‘arma kun tartibini Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari qarorlari bilan uyg‘unlashtirish va boshqa ko‘plab masalalar e’tibor markazida bo‘ladi.
Shuningdek, jamg‘arma faoliyatini ilmiy-tahliliy qo‘llab-quvvatlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Bunda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti uning tashabbuslarini amalga oshirishda ilmiy-tahliliy platforma bo‘ladi.
Shu maqsadda universitet faoliyati transformatsiya qilinadi. Ta’lim va tadqiqot jarayoniga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish ishlari jadallashadi, ekologik tiklanish va suv tejamkorligi bo‘yicha tadqiqotlar kengaytiriladi, zamon talablaridan kelib chiqib ilg‘or kadrlarni tayyorlashga yondashuv kuchaytiriladi.
Xususan, Amudaryo va Sirdaryo havzalari bo‘yicha ma’lumotlarning yagona bazasi yaratiladi, cho‘llanishga qarshi mintaqa olimlari bilan qo‘shma loyihalar ishlab chiqilib, investitsiya va grant mablag‘lari jalb qilinadi, Markaziy Osiyo va Afg‘oniston uchun suv xo‘jaligi bo‘yicha bakalavriat va magistratura dasturlari ishga tushiriladi.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga O‘zbekistonning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raisligi davrida rejalashtirilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq amalga oshirish, bunda mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni yanada faollashtirish, viloyat hokimlarining ishtirokini ta’minlash, qo‘shma ta’lim va tadqiqotlar orqali mintaqada suv diplomatiyasini yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan qator topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi