O‘zbekiston Prezidenti raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda temir yo‘llarda yuk vagonlari parkini kengaytirish chora-tadbirlari belgilandi
Fevral 25, 2026. 18:31 • 2 daq
• 184
TOSHKENT, 25-fevral. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalarda yuk vagonlarini qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yillar uchun rejalar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, eksport salohiyatini kengaytirish va iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz logistika xizmatlari bilan taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Temir yo‘l transportida keng ko‘lamli yangilanish jarayonlari amalga oshirilmoqda. Ular sohani tubdan modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda vagon parkini bosqichma-bosqich yangilashga xizmat qilmoqda.
Xususan, 2023-2025-yillarda qiymati 105 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida 1590 dona yarim ochiq yuk vagoni ishlab chiqarildi. Bu esa ichki va xalqaro tashuvlarda yuk aylanmasini oshirish, logistika zanjirlarining barqarorligini taʼminlash imkonini bermoqda.
Shuningdek, 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan 150 million dollarlik yangi bosqichda yuk va yo‘lovchi vagonlarini qurish, shu bilan birga, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tarkibidagi vagon ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Loyiha doirasida 954 dona yuk va 70 dona yo‘lovchi vagonining qurilishi boshlangan.
Bugungi kunga qadar ushbu loyiha doirasida 45 dona yo‘lovchi vagoni va 340 dona sisterna ishlab chiqarildi. Joriy yil yakuniga qadar qo‘shimcha ravishda 614 dona yuk va 25 dona yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqariladi.
Kelgusi yillarda yuk vagonlarini ishlab chiqarish hajmlarini keskin oshirish uchun yaqinda Prezidentimiz alohida qarorni imzolagan edi. Hujjatga muvofiq, qo‘shimcha 100 million dollar mablag‘ ajratilib, 1350 dona yuk vagoni yetkazib beriladi. Buning uchun shu yilning o‘zida sanoat korxonalari quvvatlarini 1,5 barobarga oshirish va 2 mingta yuk vagonlarini ishlab chiqarish vazifasi qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari vagon parkini yangilash, tashish hajmlarni oshirish hamda xarajatlarni maqbullashtirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
