O‘zbekiston Prezidenti “Sojitz Corporation” rahbarlarini qabul qildi
Dekabr 19, 2025. 17:31 • 42 soniya
• 77
TOSHKENT, 19-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Tokio shahrida “Sojitz Corporation” rahbarlari Masayoshi Fudzimoto va Kosuke Uemurani qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Yaponiyaning yetakchi kompaniyasi bilan hamkorlikni yana-da kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Elektr energiyasiga bo‘lgan talab ortib borayotganini hisobga olib, Sirdaryo viloyatida bug‘-gaz elektr stansiyasini barpo etish loyihasini jadallashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Ko‘p tarmoqli shifoxona, Toshkentning yangi xalqaro aeroporti, shamol elektr stansiyasini qurish va boshqa ustuvor loyihalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Tibbiyot klinikalari hamda maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalarini modernizatsiya qilish, transchegaraviy “yashil” energiya yo‘lagini barpo etish, mamlakatimiz hududlarida gaz kompressor stansiyalarini yangilash, shuningdek, yapon investorlari uchun maxsus iqtisodiy zona yaratishda korporatsiyaning ishtirok etishi bo‘yicha tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi