Yil boshidan buyon O‘zbekistonga 9 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurdi

Sentabr 15, 2026. 14:00 • 2 daq

9
Yil boshidan buyon O‘zbekistonga 9 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurdi

TOSHKENT, 15-sentyabr. /“Dunyo” AA/. 2026-yilning yanvar–avgust oylarida O‘zbekistonga turizm maqsadlarida 9 million 102 ming 729 nafar xorij fuqarosi tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Milliy statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, xorijiy sayyohlar soni 2025-yilning mos davriga nisbatan 1,6 million kishiga yoki 21,1 foizga oshgan.

O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni bo‘yicha qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilik qilmoqda. Birinchi o‘rinni Qirg‘iziston egalladi — 2 million 524 ming 378 kishi. Ikkinchi o‘rinda Qozog‘iston (2 million 171 ming 581 kishi), uchinchi o‘rinda esa Tojikiston (2 million 25 ming 400 kishi) qayd etildi.

Shuningdek, Rossiya (867 ming 757 kishi), Afg‘oniston (329 ming 620 kishi), Xitoy (318 ming 465 kishi) va Turkmaniston (224 ming 766 kishi) fuqarolari tomonidan ham sayyohlar oqimi yuqori bo‘ldi.

Kuchli o‘nlikka Turkiya (130 ming 155 kishi), Hindiston (39 ming 538 kishi) va Germaniya (32 ming 249 kishi) ham kirdi.

Shu tariqa, kirish turizm oqimining asosiy qismi hamon Markaziy Osiyo davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bir vaqtning o‘zida Xitoy, Turkiya, Hindiston, Germaniya va boshqa davlatlardan keluvchilar sonining sezilarli darajada oshishi O‘zbekiston xalqaro turizm bozori geografiyasi kengayayotganidan dalolat beradi.

Ekspertlarning fikricha, mavjud dinamika saqlanib qolgan taqdirda, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yetakchi turistik yo‘nalishlaridan biri sifatidagi maqomini yana-da mustahkamlash uchun barcha asoslarga ega.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish