O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya xalqaro hamkorlik banki boshqaruvchisini qabul qildi
Dekabr 19, 2025. 15:30 • 49 soniya
• 153
TOSHKENT, 19-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokioga rasmiy tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida bugun Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) boshqaruvchisi Nobumitsu Xayasini qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mazkur yetakchi moliyaviy institut bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Keyingi yillarda bank bilan hamkorlikdagi ijobiy surʼat mamnuniyat bilan qayd etildi. Loyihalarning umumiy portfeli 5 milliard dollardan oshgan hamda neft-kimyo, energetika, telekommunikatsiyalar, infratuzilma, yengil sanoat va boshqa sohalarni qamrab olgan.
Energetika, transport, AT infratuzilmasini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod yangi loyihalarni sifatli tayyorlash hamda boshlanganlarining natijadorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Ijtimoiy sohada davlat-xususiy sheriklik loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga hamda xususiy sektorni rivojlantirishga investitsiyalarni kengaytirish muhim ekani taʼkidlandi.
O‘z navbatida, boshqaruvchi Nobumitsu Xayasi sheriklik natijalarini yuqori baholadi va Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi