Logo

O‘zbekiston Prezidenti urbanizatsiya va uy-joy qurilishidagi kelgusi vazifalarni ko‘rib chiqdi

Fevral 03, 2026. 19:29 • 3 daq

88
O‘zbekiston Prezidenti urbanizatsiya va uy-joy qurilishidagi kelgusi vazifalarni ko‘rib chiqdi

TOSHKENT, 3-fevral. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun kuni urbanizatsiya va uy-joy qurilishida yangicha yondashuvlarni joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida so‘nggi 8 yilda mamlakatimizda 120 million kvadrat metr yoki 600 mingdan ziyod xonadonlar qurilib, foydalanishga topshirildi. Uy-joy sotib olishga ko‘maklashish uchun 541 ming nafar fuqaroga 103 trillion so‘m arzon ipoteka kreditlari va subsidiyalar ajratildi.

Qurilish ishlarining ko‘lami kengaygani qurilish materiallari sanoati rivojiga katta turtki berib, ko‘plab hududlarning “drayveri”ga aylandi. Urbanizatsiya darajasi 1991-yildagi 40,3 foizdan 51 foizga yetdi.

Davlatimiz rahbari qilingan ishlar hali yetarli emasligini ko‘rsatib o‘tdi. Respublika bo‘yicha har yili 200 mingtaga yaqin yangi oila tashkil topmoqda. Bu yangi uylar, yo‘llar va ijtimoiy infratuzilmaga talab yanada ortadi degani. Qolaversa, hozirda aholining bir kishi boshiga o‘rtacha 18,9 kvadrat metr turar joy maydoni to‘g‘ri kelmoqda. Bu ko‘rsatkichni kamida 23 kvadrat metrga yetkazish uchun 2040-yilgacha yangi uy-joy qurilishi surʼatini 280 mingtaga oshirish lozim.

Shu maqsadda urbanizatsiya sohasida boshqaruv yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yilib, alohida qo‘mita tuzildi, uning oldiga uy-joy qurish hajmlarini bosqichma-bosqich oshirish vazifasi qo‘yildi. Xususan, 2026-yilda 140 ming, 2027-yilda 150 ming va 2028-yilda 160 ming xonadonli uy-joylar qurish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz biznes va startaplar rivoji uchun sharoit yaratish, sanoat va AT klasterlarini shakllantirish, mehnat unumdorligini oshirishda aql bilan tashkil etilgan urbanizatsiya muhim o‘rin tutishini taʼkidladi.

Taqdimotda yer resurslaridan samarali foydalanish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xalqaro tashkilotlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, aholi punktlari tartibsiz kengayib borishi ayrim hududlarda kelgusida ekin yerlarining tanqisligiga olib kelishi mumkin.

Shu munosabat bilan eskirgan uy-joy fondini yangilash, uy-joy qurilishida renovatsiya ulushini oshirish zarurligi taʼkidlandi. Bunda renovatsiya hissasini hozirgi 15 foizdan 2040-yilga qadar 60 foizga yetkazish, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etishni kengaytirib, 120 taga yetkazish zarurligi qayd etildi.

Bugungi kunda qurilish sohasidagi ruxsat olish jarayonlari 9 ta bosqichdan iborat bo‘lib, o‘rtacha 90-120 kun vaqt talab qilmoqda. Shu bilan birga, xalqaro amaliyotda “qurilishga tayyor yer” mexanizmi orqali bu ishlarga ketadigan vaqt 7-15 kunni tashkil etayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Mamlakatimizda ushbu tizimni joriy etish taklif qilindi. Unga ko‘ra, barcha tayyorgarlik jarayonlari va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish yer maydonlari auksionga qo‘yilishidan oldin bajariladi. Natijada tadbirkor auksionda yerni yutib olgandan so‘ng qo‘shimcha hujjat yig‘masdan va kelishuvlardan o‘tmasdan, barcha hujjatlarni avtomatik tarzda olish imkoniga ega bo‘ladi. Qurilishga tayyor bo‘lmagan yerlarni auksionga chiqarish taqiqlanadi, jarayonlar esa shaffof va qisqa muddatlarda amalga oshirilishi taʼminlanadi.

Qurilish sifati, birinchi navbatda, loyiha hujjatlariga bog‘liq. “ToshboshplanLITI”, “O‘zshaharsozlikLITI”, “O‘zGASHKLITI”, “Qishloq qurilish loyiha” tashkilotlarining faoliyatini tubdan yaxshilash, buning uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish va zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish zarurligi qayd etildi.

Urbanizatsiya va uy-joy qurilishi jarayonlarini to‘g‘ri va samarali rejalashtirish uchun raqamli texnologiyalardan keng foydalanish kerak. Bu borada taqdimotda bosh va master rejalarning yagona maʼlumotlar bazasi, qurilishga tayyor yer maydonlari bazasi – “Yer banki”, ko‘p kvartirali uylarning yagona geoaxborot bazasi, “eskrou” tizimi, quruvchilar reytingi va boshqalardan iborat “Uy-joy” axborot tizimini ishlab chiqish taklif etildi.

Prezidentimiz taqdim etilgan takliflarni maʼqullab, sohada rejali, hisob-kitobga asoslangan va uzoq muddatli yondashuvlarni izchil joriy etish, belgilangan ko‘rsatkichlar ijrosini taʼminlash yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish