O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari gumanitar loyihalarni ishga tushirish marosimida ishtirok etdilar
Yanvar 29, 2026. 23:55 • 2 daq
• 118
TOSHKENT, 29-yanvar. /“Dunyo” AA/. Anqara shahriga rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bugun Hatay viloyatida mamlakatimiz tomonidan barpo etilgan “O‘zbekiston” turar joy majmuasining ochilish marosimida ishtirok etdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda O‘zbekiston yetakchisi uch yil oldin sodir bo‘lgan vayronkor zilzila qardosh turk xalqi uchun og‘ir sinov bo‘lganini taʼkidladi. O‘zbekiston ushbu fojiali davrning dastlabki kunlaridanoq Turkiyaga har tomonlama yordam ko‘rsata boshladi.
Qisqa fursatda 100 nafar o‘zbekistonlik qutqaruvchi va 70 nafar tibbiyot xodimi falokat sodir bo‘lgan hududga yetib bordi. Qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida 18 kishi qutqarildi, 200 nafarga yaqin jabrlanganlar vayronalar ostidan chiqarildi. Dala shifoxonasi 4 ming nafar bemorga tibbiy yordam ko‘rsatdi.
Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an tashabbusi bilan zilzila oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlar amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi. Bugungi kunga qadar mamlakatda 455 mingdan ortiq uy-joy qurildi.
O‘zbekiston, o‘z navbatida, qisqa muddatlarda Hatay viloyatining Arsuz tumanida 300 dan ziyod to‘liq jihozlangan xonadon, jami 24 ta ko‘p qavatli uydan iborat barcha zarur infratuzilmaga ega zamonaviy turar joy majmuasini barpo etdi.
Turkiya Prezidenti ushbu majmua nafaqat jabrlangan oilalar uchun yangi uy, balki o‘zbek va turk xalqlari o‘rtasidagi abadiy do‘stlikning yorqin namunasi ekanini taʼkidladi.
Yetakchilar loyihani amalga oshirishda ishtirok etgan quruvchilar, muhandislar, ishchilar va barcha hamkorlarga samimiy minnatdorlik bildirdilar.
Davlat rahbarlari yangi xonadonlar kalitlarini ularning egalariga tantanali ravishda topshirdilar.
Shuningdek, Prezidentlar Istanbulning Bekirkyoy tumanida o‘zbek maktabi qurilishini boshlab berdilar. Mazkur dargoh O‘zbekistonning xorijdagi birinchi taʼlim muassasasi bo‘ladi.
Yangi o‘quv maskani Turkiyada yashovchi o‘zbek oilalarining farzandlariga o‘z ona tilida taʼlim olishi bilan birga milliy qadriyatlar, madaniyat va anʼanalarni saqlab qolish imkonini beradi.
Tomonlar ushbu maktab ikki qardosh xalq o‘rtasidagi rishtalar yanada mustahkam bo‘lishiga xizmat qilishi, yosh avlod uchun muhim taʼlim va tarbiya markaziga aylanishiga ishonch bildirdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
