O‘zbekiston va Serbiya Prezidentlari Belgrad shahrida qo‘shma biznes forumida ishtirok etdilar

Sentabr 08, 2026. 20:13 • 2 daq

68
O‘zbekiston va Serbiya Prezidentlari Belgrad shahrida qo‘shma biznes forumida ishtirok etdilar

TOSHKENT, 8-sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich bugun qo‘shma biznes forumida ishtirok etdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda ikki mamlakatning 200 nafardan ziyod rasmiy va ishbilarmon doira vakillari, yetakchi sanoat va savdo korxonalari rahbarlari, xususan, Serbiyaning “Galenika”, “AbelaPharm”, “Gosa FOM”, “YUMCO”, “Luss Textile” kabi kompaniyalari qatnashdi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida samarali o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar ikki tomonlama aloqalarda yangi sahifa ochganini taʼkidladi. O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilgani asosiy natija bo‘ldi.

O‘zaro yetkazib beriladigan mahsulotlar turini kengaytirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish hisobiga o‘zaro savdo hajmini bir necha barobar oshirish bo‘yicha marra belgilangan. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish maqsadida 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti iqtisodiy sheriklikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi. To‘qimachilik va elektrotexnika mahsulotlari, avtomobil va sanoat butlovchi qismlarini birgalikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, farmatsevtika preparatlarini mahalliylashtirish, meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, dasturiy taʼminot va sunʼiy intellekt sohalarida loyihalarni amalga oshirish shular jumlasidan.

Mamlakatimiz yetakchisi Serbiya biznesi uchun yurtimizda qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaratishga hamda har bir qo‘shma loyihani amalga oshirishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Yakunda qator ikki tomonlama iqtisodiy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish