Logo

O‘zbekiston Prezidenti raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni ko‘rib chiqdi

Yanvar 20, 2026. 21:24 • 3 daq

103
O‘zbekiston Prezidenti raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni ko‘rib chiqdi

TOSHKENT, 20-yanvar. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun raqamli texnologiyalarni rivojlantirish sohasida erishilgan natijalar hamda 2026-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, taqdimotda so‘nggi yillarda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va innovatsion ekotizimni shakllantirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilgani qayd etildi. Xorijiy ekspertlarning tahlillariga ko‘ra, 2024-2025-yillarda mamlakatimizdagi startap va venchur ekotizimining umumiy qiymati 3,9 milliard dollarga yetdi. Mahalliy startaplarning soni 750 tadan oshdi. Hozirgi kunda 15 ta venchur fond faoliyat yuritmoqda, venchur kapital hajmi esa 180 million dollardan oshdi.

O‘zbekiston dunyodagi ikkinchi eng tez o‘sayotgan va Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimi deb eʼtirof etilmoqda.

Taqdimotda 2030-yilga qadar startaplarning sonini 5 mingtaga, eksport bozorlariga chiqqan startaplarning sonini 200 taga yetkazish, venchur investitsiyalarning hajmini 2 milliard dollarga olib chiqish maqsad qilingani taʼkidlandi.

Shu maqsadda xalqaro tajriba asosida startaplarni qo‘llab-quvvatlashning to‘rt bosqichli tizimi joriy etilmoqda. G‘oya, ishlab chiqish, ishga tushirish va masshtablashtirish bosqichlarida grantlar, soliq imtiyozlari, qo‘shma moliyalashtirish, eksport xarajatlarini qoplash uchun moliyaviy resurslar yo‘naltiriladi.

Elektron davlat xizmatlarini yana-da rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi.

Raqamli xizmatlar sonini 900 tagacha yetkazish, “MyGov.uz” mobil ilovasining funksionalini kengaytirish, 50 tadan ortiq xizmatlarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, Aholining yagona reyestrini ishlab chiqish, tadbirkorlik subyektini ochish, yakka tartibdagi tadbirkorlik xodimlarini hisobga qo‘yish, bank plastik kartasini ochish, sim-karta olish, sug‘urta va reklama xizmatlarini raqamlashtirish rejalashtirilgan.

Taqdimotda sunʼiy intellekt texnologiyalari uchun infratuzilma yaratish ishlarining borishi haqida axborot berildi.

Xususan, hozirgi kunda zamonaviy kichik super kompyuter ishga tushirildi, katta super kompyuterni xarid qilish va ishga tushirish ishlari faol bosqichda. Loyihani amalga oshirish natijasida 15 ta oliy taʼlim muassasasida sunʼiy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi, sohadagi mutaxassislarning salohiyati oshadi, mahalliy SI yechimlarini yaratish va joriy etish imkoniyatlari yaratiladi.

Mamlakatimiz hududlarida zamonaviy data-markazlar tarmog‘ini kengaytirish, maʼlumotlar xavfsizligi va uzluksizligini taʼminlash zarurligi qayd etildi.

Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Bu borada barqaror o‘sish surʼatlariga erishilayotgani, internet tezligi va qamrovi yildan-yilga oshib, mobil aloqa xizmatlarining sifati yaxshilangani taʼkidlandi. 2026 yilda 5G texnologiyalarini joriy etish va aholi punktlarini yuqori tezlikdagi internet bilan qamrab olishni davom ettirish, shuningdek, sunʼiy yo‘ldosh aloqasidan foydalanishni kengaytirish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz raqamli texnologiyalar iqtisodiyot tarmoqlari raqobatbardoshligini oshirish, davlat boshqaruvini samarali qilish va aholi hayoti sifatiga bevosita taʼsir ko‘rsatishini taʼkidlab, belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish