Logo

O‘zbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi

Mart 03, 2026. 18:12 • 2 daq

146
O‘zbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi

TOSHKENT, 3-mart. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev huzurida mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yurtimiz mudofaa salohiyatini yana-da mustahkamlash, harbiy xavfsizligini ta’minlash masalalari, shuningdek, joriy yil 13-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosining borishi ko‘rib chiqildi.

Dunyoda keskinlik va mojarolar o‘choqlari saqlanib qolayotgani, geosiyosiy raqobat kuchayib, yangi xatar va tahdidlar xavfi ortib borayotgani ta’kidlandi. Ayrim mintaqalardagi harbiy harakatlar jiddiy gumanitar va iqtisodiy oqibatlarga olib kelayotgan notinch xalqaro vaziyat sharoitida mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash hamda xavfsizligini ta’minlash alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Mudofaa vaziri qo‘shinlarning jangovar shayligini oshirish, qism va bo‘linmalarni tezkor tayyorlash, ularni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikalar bilan ta’minlash, harbiy-ma’muriy sektorlar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi.

Rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasi va jangovar harakatlar tajribasini o‘rganish, harbiy boshqaruv va tayyorgarlik tizimiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, qo‘shinlar samaradorligini oshirish uchun yangi texnologiyalar, jumladan, uchuvchisiz tizimlar va raqamli boshqaruv yechimlarini keng qo‘llash zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, harbiy-ma’muriy sektorlar, poligonlar, ta’lim muassasalari va moddiy-texnik ta’minot obyektlari infratuzilmasini zamon talablari asosida modernizatsiya qilish hamda rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishni izchil davom ettirish, ilmiy tadqiqot ishlarini kuchaytirish, zamonaviy qurol-yarog‘ va texnologiyalarni o‘zlashtirishga qaratilgan dasturlarni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilish yakunida davlatimiz rahbari Qurolli Kuchlarni yana-da rivojlantirish va mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha tegishli vazifalarni belgilab berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish