Bulung‘urda ilk bor Misrning “Hermes” navli yuqori sifatli kartoshka ekiladi
Mart 03, 2026. 19:19 • 2 daq
•
QOHIRA, 3-mart. /“Dunyo” AA/. Elchixona tomonidan O‘zbekiston Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha kengash raisi Saxi Annaklichev boshchiligidagi delegatsiyaning Misrga xizmat safari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu xizmat safari O‘zbekiston Prezidentining yurtimizda Misr tajribasi asosida kartoshka urug‘larini yetishtirishni 1000 gektarga yetkazish bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosi doirasida amalga oshirildi.
Delegatsiya tarkibidan “Turonbank”, “UzAgroStar Holding”, “Bulung‘ur – Agro Star”, “Agro Gold Premium” korxonalari rahbarlari o‘rin oldi.
Tashrif chog‘ida Misrning “EFC Plants Tissue Culture S.A.E.” va “Bulung‘ur – Agro Star” kompaniyalari o‘rtasida Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida kartoshka urug‘larini hamkorlikda ko‘paytirish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Memorandumga ko‘ra, kompaniya tomonidan 500 ming dona “Hermes” navli yuqori sifatli kartoshka urug‘larining dastlabki avlodi – mini-tyuber (G0)ni O‘zbekistonga yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Yurtimizda G1, G2 va G3 avlodli kartoshka yetishtirish davomida to‘liq texnik va konsultativ ko‘mak ko‘rsatish uchun ekin mavsumida mutaxassis jalb etiladi. Ajratilgan yer bilan tanishish, suv va tuproq tahlili asosida kartoshka urug‘ini yetishtirish uchun munosib maydon tanlash ishlari bajariladi.
O‘zbekiston O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan ushbu kartoshka tuganaklarini Misrdan keltirishga karantin ruxsatnomasi olinishi taʼminlandi.
“EFC Plants” bilan kelishuvga ko‘ra, kompaniyaning qishloq xo‘jalik bo‘yicha malakali mutaxassisi (agronomi) Ali Hani al-Said O‘zbekistonga kartoshka urug‘ini ekish ishlarini amalga oshirish uchun taklif etildi.
“EFC Plants” tomonidan 250 ming dona kartoshka urug‘lari – mini-tyuberlarni O‘zbekistonga yuborish bilan bog‘liq barcha tashkiliy masalalar hal qilingan. Urug‘lar “Turk havo yo‘llari” aviakompaniyasi reysi orqali yurtimizga olib kelinadi.
Urug‘larning umumiy vazni 770 kg bo‘lib, 50x40x20 sm o‘lchamdagi 50 ta maxsus qutiga joylangan. Aviatashuvchi tomonidan ushbu yukning 2-8 daraja issiqlikdan oshmagan haroratda saqlanishi, quyosh nuri tushmagan va qutilar ag‘darilmagan holatda yuborilishi qatʼiy taʼminlanadi.
Misrdan yuborilgan kartoshka urug‘larini yetkazish bilan bog‘liq alohida (spetsifik) sharoit va talablarni inobatga olib, misrlik mutaxassis Ali Hani nazoratida yuk Toshkent xalqaro aeroportidan tegishli omborga keltiriladi. Hozirda urug‘larni Samarqand viloyatiga ularni saqlash qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda jo‘natish va ekish ishlariga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
