O‘zbekiston Prezidenti yoshlarga davlat mukofotlarini topshirdi
Iyun 30, 2026. 18:25 • 2 daq
• 87
TOSHKENT, 30-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidentining 29-iyundagi farmoni va qaroriga muvofiq, o‘z bilimi, isteʼdodi, tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh yoshlar “Kelajak bunyodkori” medali va“Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, 30-iyun – Yoshlar kunida Toshkentdagi Olimpiya shaharchasida ana shu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari yurtimiz yoshlarining har birida katta salohiyat, isteʼdod va iqtidor borligini qayd etdi.
– Sizlar o‘z davrida buyuk kashfiyotlari bilan dunyo sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan, Birinchi va Ikkinchi Renessansning “aql chirog‘i” bo‘lgan buyuk ajdodlarimizning munosib vorislarisiz. Albatta, vorislik faqat faxrlanish emas, vorislik bu ulkan masʼuliyat hamdir!
Ajdodlarimiz insoniyat taraqqiyoti uchun qanday buyuk ishlar qilgan bo‘lsa, sizlar Yangi O‘zbekistonda yangi uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan kuch bo‘lishingiz kerak! – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shundan so‘ng Prezidentimiz yoshlarga davlat mukofotlarini topshirdi.
– Butun xalqimiz nomidan bugungi davlat mukofotlari sohiblarini yana bir bor tabriklayman. Mazkur yuksak eʼtirof sizlarni yangi marralar sari yetaklasin! Safingiz yana-da kengayaversin! – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Mukofotlangan yoshlar davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirib, bundan buyon ham o‘z bilimi, mehnati va tashabbuslari bilan Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishga tayyor ekanini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi