Logo

O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya iqtisodiyot, sanoat va savdo vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi

Dekabr 19, 2025. 12:44 • 52 soniya

173
O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya iqtisodiyot, sanoat va savdo vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi

TOSHKENT, 19-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokioga rasmiy tashrifi doirasida bugun Yaponiya iqtisodiyot, sanoat va savdo vaziri Ryosey Akazavani qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston – Yaponiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda qo‘shma loyihalarni ilgari surishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Yaponiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari jadal o‘sib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. So‘nggi yillarda qo‘shma korxonalar soni 10 baravar, amalga oshirilayotgan loyihalarning umumiy qiymati esa 20 milliard dollardan oshdi.

Savdo va investitsiya aloqalarini mustahkamlash, muqobil energetika, karbonsizlantirish, o‘ta muhim xomashyo kabi ko‘plab sohalarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish uchun vazirlar darajasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya tuzish muhim ekani taʼkidlandi.

Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO) va MDH mamlakatlari bilan savdo bo‘yicha assotsiatsiyasining (ROTOBO) faol ishtirokida ishbilarmonlik aloqalarini yanada mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish