O‘zbekiston Prezidenti AQSh savdo vakili bilan uchrashdi
Fevral 19, 2026. 05:15 • 54 soniya
• 142
TOSHKENT, 19-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga amaliy tashrifi ikkichnchi kuni doirasidagi ishbilarmonlik uchrashuvlarining navbatdagisi AQSh savdo vakili Jeymison Grir bilan bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, qo‘shma loyihalar doirasida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimining amaliy natijalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston – AQSh strategik sheriklik munosabatlari, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalarida barqaror surʼatda rivojlanib borayotgani taʼkidlandi.
O‘zaro savdoni ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishdagi muvaffaqiyatlar mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshdi.
Mamlakatimizning JSTga aʼzo bo‘lish jarayonini yakuniga yetkazishga oid masalalarda amaliy hamkorlikni kuchaytirish va AQSh tomonidan ushbu jarayonlarni yanada qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Mahsulotlarni barqaror yetkazib berish, texnik tartibga solish va raqamli savdoga oid mintaqaviy yondashuvlarni ishlab chiqish maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh o‘rtasidagi Savdo va investitsiyalar bo‘yicha hadli bitim (TIFA) doirasida hamkorlikni faollashtirish taklifi bildirildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti AQSh savdo vakili Jeymison Grirni joriy yilning iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
