O‘zbekiston Prezidentiga sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar taqdimot qilindi
Yanvar 20, 2026. 20:31 • 6 daq
• 107
TOSHKENT, 20-yanvar. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, taqdimotda, avvalo, o‘tkir yurak qon-tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish va davolashni takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Rejaga ko‘ra, “Stent for Life” va “Action Plan for Stroke” xalqaro dasturlari asosida ishlab chiqilgan “Infarkt va insultga qarshi kurashish” milliy dasturi 2026-yil 1-maydan boshlab Samarqand viloyati va Toshkent shahrida, 1-oktyabrdan Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida, 2027-yildan esa boshqa hududlarda amaliyotga joriy etiladi.
Milliy dastur doirasida 30 yoshdan oshgan aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish hamda natijasiga ko‘ra aniqlangan xavf guruhiga mansub fuqarolarni maqsadli tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazish hamda bemorlarga shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatish algoritmlari va klinik marshrutlarini amaliyotga joriy etish nazarda tutilgan.
Shuningdek, mazkur kasalliklarda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishda xalqaro standartlarga muvofiq “oltin soat” tamoyilining vaqt meʼyorlari joriy etiladi.
Taqdimotda tez tibbiy yordam xizmatining moddiy-texnik va raqamli imkoniyatlarini keskin oshirishga qaratilgan choralar ham keltirildi. Brigadalar telemetrik elektrokardiograf va monitorli defibrillyatorlar bilan taʼminlanadi. Shu jumladan, EKG natijalarini sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilish va axborot tizimi orqali yuborish, shuningdek, tez tibbiy yordam brigadalari va shifoxonalar o‘rtasida real vaqt rejimida maʼlumot almashish imkoniyati yaratiladi.
Statsionar tibbiyot muassasalarida insultni sunʼiy intellekt asosida tashxislash imkoniyati yaratilib, bemorlarning harakat marshruti raqamlashtiriladi. Shifoxonalar esa shoshilinch holatlarda jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun tromb erituvchi dori vositalari hamda zarur sarflov materiallari bilan taʼminlanadi.
Shoshilinch statsionar tibbiy xizmat ko‘rsatishga nodavlat tibbiyot tashkilotlarini jalb qilish, o‘tkir yurak-qon tomir va bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi holatlarida ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladi.
Milliy dastur doirasida “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimida bemorlar hamda xavf guruhidagi aholining elektron reyestri yuritilishi taʼminlanadi.
Aholi o‘rtasida profilaktika va targ‘ibot ishlariga ham alohida urg‘u berildi. OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ijtimoiy roliklar, infografika, animatsiya va qisqa metrajli videoroliklar tarqatish, bozor va savdo markazlari yaqinida bilbord va bannerlar joylashtirish, taʼlim muassasalari, korxona va mahallalarda infarkt va insult alomatlarini barvaqt aniqlash bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, “Angels Initiative” xalqaro tashabbusining “FAST Heroes” dasturi asosida maktab o‘quvchilari uchun maxsus mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Har yili 29-sentyabr – Butunjahon yurak kuni va 29 oktyabr – Butunjahon insultga qarshi kurashish kuni munosabati bilan bepul qon bosimi, qand va xolesterin ko‘rsatkichlarini o‘lchash, aholining shoshilinch yordam ko‘rsatish bo‘yicha savodxonligini oshirishga qaratilgan ommaviy tadbirlar o‘tkaziladi.
Dasturni moliyalashtirishga 2026-yilda 239 milliard so‘m, 2027-yildan boshlab 280 milliard so‘m ajratilishi taʼkidlandi.
Taqdimotda, shuningdek, 2026-2030-yillarda qon bilan ishlash xizmatini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Qon mahsulotlariga talab ortib borayotgani inobatga olinib, xizmat imkoniyatlarini kengaytirish va davolash muassasalarining qon hamda qon mahsulotlariga ehtiyojini to‘liq taʼminlashga qaratilgan maqsadli chora-tadbirlari ishlab chiqilgan.
Jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida har ming nafar aholiga qon topshirishlarning (donatsiyalar) sonini 10 tadan 30 tagacha oshirish, jami donatsiyalarning sonini 1 milliontagacha ko‘paytirish orqali tayyorlanadigan qon zaxirasini 150 ming litrdan 450 ming litrga yetkazish, beg‘araz qon donorlarining sonini 300 ming nafardan 900 ming nafarga yetkazish maqsad qilingan.
Yetakchi xalqaro tajriba asosida qon va uning tarkibiy qismlari xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan standart operatsion jarayonlar, xavfsizlik bayonnomalari hamda zamonaviy skrining usullari joriy etiladi. Shu bilan birga, qon xizmati tizimi xodimlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalari oshiriladi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlanadi hamda beg‘araz donorlik harakati qo‘llab-quvvatlanadi.
Qon bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish uchun “ehtiyoj – qayta ishlash – yetkazish” zanjirida jarayonlarni boshqarish tizimi joriy etiladi.
Raqamli platforma doirasida “Qon mahsulotlari elektron hisobini yuritish” axborot tizimi joriy qilinib, qon va uning tarkibiy qismlari harakatini nazorat qilish, shoshilinch tibbiy yordam bilan integratsiyalangan holda buyurtma berish, muassasalarning zaxirasini onlayn monitoring qilish imkoniyati yaratiladi.
Qon bilan ishlash xizmatini moliyalashtirish uchun 2026-yilda 308 milliard so‘m, 2026-2030-yillarda esa sohani takomillashtirishga jami 1,75 trillion so‘m nazarda tutilgani qayd etildi.
Taqdimotda respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazlar va klinikalar faoliyatini o‘rganish natijalari haqida axborot berildi.
Ishchi guruhlar 2025-yil sentyabr-dekabr oylarida 37 ta respublika darajasidagi tibbiyot markazlari va klinikalar faoliyatini kompleks o‘rganib, qator tashkiliy va boshqaruv kamchiliklarini aniqlagan. Ularni bartaraf etish uchun 27 ta banddan iborat chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, u tibbiy xizmat sifatini oshirish, hududlar bilan ishlashni tizimli yo‘lga qo‘yish, boshqaruv tizimini takomillashtirish, kadrlar salohiyati va ilmiy-tadqiqot faoliyati, moliyaviy intizom va resurslardan samarali foydalanish yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishda xorijiy ekspertlarni jalb etish masalasi ham muhokama qilindi.
Jamoat salomatligi, sog‘liqni saqlashni rejalashtirish va milliy laboratoriya tizimini isloh qilish bo‘yicha texnik shartlar ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirishda 25 ta xalqaro va 19 ta mahalliy ekspertni jalb qilish taklif etildi.
Shuningdek, Respublika onkologiya markazi va uning hududiy filiallarini modernizatsiya qilish loyihasi taqdimot qilindi.
2021-yilda Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasi doirasida markazning yangi majmuasi va uning 13 ta filiali uchun jami 61 million dollarlik 119 turdagi tibbiy uskunalar xarid qilingan. Yana 5,6 million dollar hisobiga qo‘shimcha 5 turdagi uskunalar xarid qilinishi nazarda tutilgan.
Bunga qo‘shimcha ravishda jalb qilinadigan 10 million dollar hisobidan markaz uchun 80 turdagi 1027 dona tibbiy jihozlar, shuningdek, radiofarmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan siklotron va radiosintez laboratoriyasini xarid qilish taklif etildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbariga farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berildi.
Farmatsevtika tarmog‘i hozirda sanoatimizning yuqori surʼatlarda o‘sib borayotgan yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Bugungi kunda tarmoqda 2,3 milliard dollarlik 156 ta loyiha amalga oshirilmoqda, 2025-yilda 362 million dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi hamda 2,4 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Tarmoq korxonalari tomonidan qiymati 7,3 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, dunyoning 55 ta davlatiga 220 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi.
Dori vositalari sifatini taʼminlash va byurokratiyani qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilgan so‘nggi islohotlar natijasida tadbirkorlar tomonidan ilk bor 130 turdagi import dori vositalarini transfer texnologiyasi asosida O‘zbekistonda ishlab chiqarish bo‘yicha ishlar boshlandi.
Shuningdek, 2 ming nomdagi import dori vositalarining referent narxlari qayta belgilangani hisobiga dorilarning ulgurji narxlari 40-60 foizga pasaytirildi.
Taqdimotda import o‘rnini bosuvchi mahalliy dori vositalarining sifatini oshirish hamda ommabopligini taʼminlash, buning uchun investorlarga zarur shart-sharoitlar yaratish, ishlab chiqarish va laboratoriya quvvatlarini oshirish hamda shaffof sifat nazorati tizimini yo‘lga qo‘yish zarurligi taʼkidlandi.
Prezidentimiz takliflarni maʼqullab, tegishli qarorlarni imzoladi. Mutasaddilarga belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, muhokama qilingan yo‘nalishlarda aniq natijalarga erishish topshirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
