Andijonda to‘qimachilik sanoatiga sun’iy intellekt va dual ta’lim joriy etilmoqda
Sentabr 23, 2026. 12:50 • 2 daq
• 118
TOSHKЕNT, 23-sentabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Andijon tumanidagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Eco Cotton” korxonasi faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, loyiha O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 29- iyundagi paxta tolasini chuqur qayta ishlashni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi. Korxonada mahalliy xomashyodan ekologik toza, xalqaro standartlarga mos to‘qimachilik mahsulotlari tayyorlanib, ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berilmoqda.
Loyihaga tadbirkor tomonidan 10 million dollar sarmoya kiritilib, 1 mingta doimiy ish o‘rni yaratildi. Korxona to‘liq quvvat bilan ishlaganda davlat budjetiga yiliga 25 milliard so‘m tushum keltiradi.
Bu yerda ishchi-xodimlarning malakasini oshirish maqsadida dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Yoshlar nazariy bilimlarni ishlab chiqarish amaliyoti bilan uyg‘un holda o‘zlashtirmoqda.
Korxonada ishlab chiqarish jarayoni zamonaviy standartlar asosida tashkil etilgan. Xitoyning yetakchi kompaniyalaridan biriga tegishli so‘nggi rusumdagi avtomatlashtirilgan konveyer uskunalari o‘rnatilgan. Barcha jarayonlar raqamli boshqaruv tizimi orqali nazorat qilinadi.
Ekologik talablarga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan chiqindilar qayta ishlanib, ularning atrof-muhitga zararli ta’siri kamaytiriladi.
Muassasaning texnologik imkoniyatlari e’tiborga molik. Bu yerda sun’iy intellekt yordamida ishlaydigan tikuv dastgohlari o‘rnatilgan. Aqlli tizim mato turiga qarab tikuv jarayonini real vaqt rejimida avtomatik sozlaydi va choklarning yuqori aniqlikda hamda nuqsonsiz bajarilishini ta’minlaydi. Shuningdek, gumanoid robotlar sinov tariqasida ishlatilmoqda.
Korxona yiliga 30 turdagi 9,4 million dona yuqori sifatli trikotaj mahsuloti ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ularning umumiy qiymati 135,3 milliard so‘mni tashkil etadi. Raqobatbardosh tannarx va yuqori sifat tufayli mahsulotlar Turkiya, Vetnam, Xitoy va Hindistonning yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan raqobatlasha oladi.
Yillik eksport salohiyat esa 10,5 million dollarni tashkil etadi. Andijonda tayyorlanayotgan sifatli trikotaj mahsulotlari Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ruminiya va Moldova bozorlariga yetkazib berilmoqda.
Davlatimiz rahbari korxona ishchilari bilan samimiy muloqot qildi.
Shu yerning o‘zida viloyatda yoshlar bilan ishlash, ularni kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitish hamda bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va rejalar to‘g‘risida axborot berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi