Pokiston va Janubiy Koreya investorlaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonga keldi
Aprel 23, 2026. 19:25 • 2 daq
• 89
ISLOMOBOD, 23 aprel. /“Dunyo” AA/. Pokiston va Janubiy Koreyalik investorlardan iborat delegatsiya amaliy tashrif bilan O‘zbekistonda keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
21 apreldan 28 aprelgacha davom etadigan mazkur tashrif davomida iqtisodiy hamkorlik aloqalarini kengaytirish bo‘yicha turli uchrashuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Delegatsiya tarkibi Pokistonning “Habib Rafiq (Pvt.) Limited” hamda Janubiy Koreyaning “AKS Information”, “Halla Engineering”, “Seoha Engineering and Construction”, “Office for Civic Solutions”, “Samoo CM” kabi qator kompaniyalari vakillaridan iborat. Delegatsiyaga “Habib Rafiq (Pvt.) Limited” bosh direktori Malik Muhammad Aslam boshchilik qilmoqda.
Ushbu safar arafasida O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev investorlar bilan ko‘rishib, tashrif masalalarida fikr-mulohaza almashgan edi. Xususan, safar davomida amalga oshiriladigan investitsiyaviy loyihalar muhokama qilingan.
Pokistonlik va koreyalik ishbilarmonlar tashrif davomida yurtimizdagi turli vazirlik va idoralarida uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Xorazm viloyatlarida qator muzokaralar tashkil etilishi belgilangan.
Muzokaralar jarayonida yirik loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida zamonaviy talablarga javob beradigan “Data-markaz” barpo etish, Xorazm viloyatida “Yangi O‘zbekiston” turar-joy massivini qurish, Samarqand shahrida ko‘p qavatli zamonaviy uy-joy kompleksi bunyod qilish, Payariq tumanidagi Al-Buxoriy majmuasi hududida sayyohlar uchun barcha qulayliklarga ega xostel tashkil etish hamda Yangi Toshkent hududida yangi turar-joy majmualarini qurish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, delegatsiya aʼzolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Samarqand viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan tarixiy obidalar va muzeylar bilan yaqindan tanishadi.
Ushbu tashrif O‘zbekiston, Pokiston va Janubiy Koreya o‘rtasida investitsiya, qurilish, raqamli texnologiyalar, shaharsozlik va turizm sohalarida o‘zaro manfaatli uch tomonlama hamkorlikni yana-da kengaytirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi