O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Shvetsiya va Daniya vakillari bilan migratsiya sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi
Aprel 23, 2026. 19:59 • 2 daq
• 99
TOSHKENT, 23-aprel. /“Dunyo” AA/. Tashqi ishlar vazirligida Shvetsiya Migratsiya agentligi bosh tahlilchisi Emma Simichich va Daniya Immigratsiya xizmati katta maslahatchisi Aleks Xemmingsen bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar migratsiya sohasidagi hamkorlik masalalarini, shuningdek, Shvetsiya va Daniya bilan o‘zaro aloqalar doirasida ushbu yo‘nalishni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston fuqarolari uchun viza tartiblarini soddalashtirish, jumladan, diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod etish bo‘yicha tashabbusni ishlab chiqish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
O‘zbekiston diplomatlari o‘zaro manfaatli masalalarni har tomonlama ko‘rib chiqish maqsadida sohaviy idoralar ishtirokida konsullik maslahatlashuvlarini o‘tkazish taklifini ilgari surdilar.
Bundan tashqari, delegatsiya vakillariga O‘zbekistonda migrantlar va ularning oila aʼzolarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, jumladan, qulay ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar yaratish hamda konsullik xizmatlarining ochiqligi va samaradorligini oshirishga qaratilgan izchil raqamlashtirish jarayonlari haqida maʼlumot berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash va migratsiya kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha konstruktiv muloqotni davom ettirishga o‘zaro tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi