Toshkentda “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Fevral 04, 2026. 19:55 • 2 daq
• 93TOSHKENT, 4-fevral. /“Dunyo” AA/. Bugun poytaxtimizdagi “Yoshlar ijod saroyi”da Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi tashabbusi bilan chop etilgan “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu kitob-albomini tayyorlashda olimu ziyolilar hamda yuqori malakali mutaxassislardan iborat ijodiy guruh shakllantirilib, 8 ta yo‘nalish — Yangi O‘zbekistonning milliy qadriyatlari, milliy-axloqiy qadriyatlar, urf-odatlar, marosimlar, bayramlar, milliy o‘yinlar, milliy-tabiiy hamda milliy-badiiy qadriyatlar bo‘yicha keng qamrovli tadqiqot ishlari olib borildi.
Barcha hududlardan jamlangan maʼlumotlar asosida o‘zbek, ingliz va rus tillarida “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi chop etildi. Nashrni tayyorlash jarayonida 1,7 mingdan ortiq matn, 3 mingdan ziyod surat, 300 dan ortiq milliy qo‘shiq hamda 2 mingga yaqin video va audio materiallar tahlil qilindi.
Kitobda Markaziy Osiyoda shakllangan yuksak ilmiy-madaniy muhit ifoda etilgan. Qadimgi turkiy bitiklar, xalq og‘zaki ijodi namunalari, allomalar merosi milliy qadriyatlarning asosiy manbalari sifatida tahlil qilingan. Amir Temur va Temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va islom qadriyatlarining yuksalishi alohida eʼtirof etilgan.
Shuningdek, millat va milliy qadriyatlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, ularning etnik makon, til, tarixiy xotira va genofond bilan chambarchas aloqadorligi ochib berilgan. O‘zbek xalqiga xos urf-odatlar, oila va jamiyatdagi axloqiy meʼyorlar milliy qadriyatlarning amaliy ifodasi sifatida talqin qilingan.
Ushbu kitob-albom milliy qadriyatlarning tarixiy uzviyligi, vorisiyligi va bugungi jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatini yoritishga xizmat qiladi.
Ushbu materiallar asosida qadriyatim.uz elektron platformasi va uning mobil ilovasi ishlab chiqildi. Platforma doimiy yangilanib boriladigan, chet ellik foydalanuvchilar va xorijdagi vatandoshlar uchun milliy qadriyatlar, moddiy va nomoddiy madaniy meros haqida bir nechta xorijiy tillarda maʼlumot taqdim etuvchi interaktiv axborot bazasi hisoblanadi.
Bugungi kunda “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi mamlakatimiz bo‘ylab oliy taʼlim muassasalari, milliy madaniyat markazlari va turistik obyektlarda keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda.
Shu bilan birga, joriy yilda “Vatandoshlar” jamoat fondi bilan hamkorlikda kitob-albomni qo‘shimcha 1000 nusxada chop etish, xorijdagi vatandoshlar va diaspora vakillari ishtirokida elchixonalarda taqdimotlar o‘tkazish, kitob-albomning o‘zbek, ingliz va xitoy tillaridagi yangi nashrlarini tayyorlash rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi





