Logo

JIDUda Si Szinpin va zamonaviy Xitoy asarlari markazi ochildi

Yanvar 29, 2026. 17:21 • 2 daq

176
JIDUda Si Szinpin va zamonaviy Xitoy asarlari markazi ochildi

TOSHKENT, 30-yanvar. /“Dunyo” AA/. Kecha Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi prezidenti Gao Syan boshchiligidagi delegatsiyaning tashrifi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu tashrif bugungi kunda har tomonlama strategik sheriklik bosqichida turgan O‘zbekiston–Xitoy munosabatlari rivojida muhim voqeadir. Uchrashuvda tomonlar akademik diplomatiyaning davlatlararo muloqotning mustahkam intellektual poydevori sifatidagi ahamiyatini taʼkidladi.

Tashrifda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) va Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi (XIFA) universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Hujjat xalqaro munosabatlar, jahon iqtisodiyoti va zamonaviy Xitoyni o‘rganish sohasida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, akademik almashinuvini rivojlantirish, tahliliy nashrlarni tayyorlash va taʼlim dasturlarini amalga oshirishga qaratilgan.

Dasturning markaziy voqeasi JIDUda Si Szinpin va zamonaviy Xitoy asarlari markazining ochilishi bo‘ldi. Ushbu markaz Xitoyning rivojlanish modeli, davlat boshqaruvi, modernizatsiya va xalqaro tashabbuslarini o‘rganish uchun ko‘p funksiyali akademik platformaga aylanadi. Markazdan o‘quv mashg‘ulotlari, ilmiy seminarlar, davra suhbatlari va ekspert muhokamalari uchun faol foydalaniladi.

Tashrif doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining raqamli taʼlim infratuzilmasini rivojlantirishda Xitoy tomoni katta yordam ko‘rsatayotgani ham taʼkidlandi. Universitetga 110 ta zamonaviy kompyuter, server uskunalari va texnik vositalar topshirildi, bu raqamli taʼlim va tadqiqot faoliyati imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi.

Professor Yang Kaychjunning universitet professor-o‘qituvchilari va xodimlarida katta qiziqish uyg‘otgan “Xitoy modernizatsiyasi moʻjizasi mantig‘i” mavzusidagi maʼruzasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Tomonlar JIDU va XIFA o‘rtasidagi hamkorlik uzoq muddatli va amaliy xususiyatga ega bo‘lishiga, ilmiy muloqotni chuqurlashtirish va xalqaro munosabatlar sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish