Logo

AQShning Filadelfiya shahrida vatandoshlar uchun sayyor konsullik qabuli o‘tkazildi

Fevral 26, 2026. 14:40 • 50 soniya

159
AQShning Filadelfiya shahrida vatandoshlar uchun sayyor konsullik qabuli o‘tkazildi
AQShning Filadelfiya shahrida vatandoshlar uchun sayyor konsullik qabuli o‘tkazildi

FILADELFIYA, 26-fevral. /“Dunyo” AA/. AQSHning Filadelfiya shahrida yurtimizning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi diplomatlari hamda O‘zbekiston Notarial palatasi vakillari ishtirokida sayyor konsullik qabuli bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur tadbir “Vatan” diasporal tashkiloti bilan hamkorlikda va hududdagi o‘zbek jamiyati vakillarining faol ishtirokida tashkil etildi.

Qabul davomida fuqarolarga notarial harakatlarni amalga oshirish, ishonchnomalar, rozilik xatlari va arizalarni rasmiylashtirish tartibi bo‘yicha batafsil huquqiy maslahatlar berildi.

Ochiq va konstruktiv muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda vatandoshlarni qiziqtirgan amaliy savollarga, xususan, masofaviy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari, hujjatlarni tayyorlash muddatlari va tartiblari yuzasidan atroflicha tushuntirish berildi. Ayniqsa, O‘zbekiston notariat va konsullik sohasidagi yangilangan qonunchilik normalarining mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Tadbir yakunida vatandoshlar Nyu-Yorkdan tashqarida istiqomat qilayotgan hamyurtlarimiz uchun bu kabi sayyor qabullarning ahamiyati yuqori ekanini taʼkidlab, tashkilotchilarga minnatdorlik bildirdi.

Tomonlar AQShning turli shtatlarida istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun konsullik va notarial xizmatlarning ochiqligini oshirish maqsadida bu kabi qo‘shma sayyor tadbirlarni muntazam ravishda o‘tkazib borishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish