Diplomatlarimiz Isroil ijtimoiy tarmoqlarida shov-shuv ko‘targan yurtdoshimiz bilan suhbatlashdi
Mart 05, 2026. 18:25 • 2 daq
• 102
TEL-AVIV, 5-mart. /“Dunyo” AA/. So‘nggi kunlarda Isroilda bo‘lib turgan yurtdoshimiz tomonidan ushbu davlat bilan bog‘liq nojoiz so‘zlari ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maʼlum bo‘lishicha, shu yil 28-fevral kuni O‘zbekiston fuqarosi N.X. Isroilda raketa hujumidan sirenalar yangragan paytda “TikTok” ijtimoiy tarmog‘iga video joylashtirgan. Uning ushbu videoda aytgan nojoiz so‘zlari keyinchalik Isroil ijtimoiy tarmoqlari segmentida keng tarqalib, mahalliy jamoatchilik orasida katta norozilikka sabab bo‘lgan. Bu videoni ko‘rgan Isroil fuqarosi A.X. mazkur holat yuzasidan politsiya organlariga murojaat qilgan.
Mamlakatimizning Isroildagi elchixonasi konsullik bo‘limi xodimlari vaziyatdan xabar topishi bilan O‘zbekiston fuqarosi N.X. bilan tezkor tarzda bog‘langan. Diplomatlarimiz hamyurtimiz bilan bo‘lib o‘tgan holat bo‘yicha suhbat o‘tkazgan. Shu bilan birga, Isroil fuqarosi A.X. bilan ham tushuntirish ishlari olib borilgan.
Ayni paytda vatandoshimiz xavfsiz sharoitda bo‘lib, ushbu masala elchixonaning nazoratida turibdi.
Shu munosabat bilan, yurtimizning Isroildagi elchixonasi ushbu davlatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolaridan quyidagilarga amal qilish so‘raydi:
· mahalliy qonunchilik talablariga qatʼiy rioya qilish;
· o‘z xatti-harakatlarida ehtiyotkor bo‘lish hamda turli provokatsiyalardan tiyilish;
· raketa hujumlari paytida Isroil Front orti qo‘mondonligi tomonidan beriladigan barcha xavfsizlik tavsiyalarini so‘zsiz bajarish.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi