Logo

Misrda vafot etgan vatandoshimiz jasadi O‘zbekistonga olib kelindi

Mart 02, 2026. 14:52 • 2 daq

275
Misrda vafot etgan vatandoshimiz jasadi O‘zbekistonga olib kelindi

QOHIRA, 5-mart. /“Dunyo” AA/. Misrning Qohira shahrida vafot etgan vatandoshimizning jasadi diplomatlar ko‘magida O‘zbekistonga olib kelindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Elchixona ma’lumotlariga ko‘ra, Andijon viloyatida tug‘ilgan 68 yoshli fuqaro U.K. yurak xuruji oqibatida vafot etgan. Hodisa haqida xabar olingan zahoti elchixona xodimlari Misrning mas’ul idoralari bilan tezkor aloqa o‘rnatib, kerakli hujjatlarni qisqa fursatda rasmiylashtirdi.

Diplomatlarimiz marhumning oila a’zolarini ma’naviy va tashkiliy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratdi. Elchixona vakillari aviakompaniya va ritual xizmat ko‘rsatish idoralari bilan bog‘lanib, jasadni o‘z vaqtida vatanga qaytarish masalasini hal etdi. Tegishli idoralarning hamkorligi natijasida marhumning jasadi O‘zbekistonga olib kelinib, milliy qadriyatlarimizga muvofiq dafn etildi.

O‘zbekistonning Qohiradagi diplomatik vakolatxonasi tomonidan bundan avval ham Misrda vafot etgan yana bir yurtdoshimizning jasadini repatriatsiya qilishda (Vatanga qaytarishda) zarur yordam ko‘rsatilgan edi.

Bu kabi chora-tadbirlar davlatimizning xorijdagi har bir fuqarosi taqdiriga befarq emasligi va inson qadrini ulug‘lash tamoyilining amaliy ifodasidir.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish