Kiyevda Navro‘z: Vatandoshlar Navro‘z bayramini birga nishonladi
Mart 29, 2026. 15:00 • 2 daq
• 93
KIYEV, 30-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Navro‘z bayrami munosabati bilan ma’naviy-ma'rifiy tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Ukrainadagi murakkab vaziyatga qaramasdan, u yerda mehnat qilib va tadbirkorlik faoliyatini yuritib kelayotgan vatandoshlarimiz ishtirok etdi.
O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Kurmanov yig‘ilganlarni Navro‘z bayrami bilan samimiy tabrikladi. U mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa xorijda yashab va ishlab kelayotgan vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
So‘nggi yillarda xorijdagi yurtdoshlar va tadbirkorlar uchun qulay investitsiya muhitini yaratish, ishbilarmonlikni rivojlantirishga qaratilgan yangi imkoniyatlar joriy etilayotgani alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi, mavjud muammolar yuzasidan fikr almashdi. Elchixona vakillari barcha masalalarga atroflicha tushuntirish berdi.
Vatandoshlarimiz yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar aholi farovonligini oshirish va mamlakat kelajagini mustahkamlashga xizmat qilayotganini alohida qayd etdi.
Tadbir yakunida mehmonlar uchun bayram dasturxoni yozilib, o‘zbek milliy taomlari – palov, non, manpar, chuchvara, chak-chak va turli shirinliklar taqdim etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi