Logo

Istanbulda e-notarius.uz elektron platforma imkoniyatlari namoyish qilindi

Mart 06, 2026. 10:54 • 2 daq

165
Istanbulda e-notarius.uz elektron platforma imkoniyatlari namoyish qilindi
Istanbulda e-notarius.uz elektron platforma imkoniyatlari namoyish qilindi
Istanbulda e-notarius.uz elektron platforma imkoniyatlari namoyish qilindi

ISTANBUL, 6-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston bosh konsulxonasida Turkiyada vaqtinchalik yashab kelayotgan hamda turli huquqiy va ijtimoiy murakkab vaziyatlarga duch kelgan vatandoshlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda O‘zbekiston Notarial palatasi raisi Dilshod Ochilov ishtirok etib, vatandoshlarga doimiy va vaqtinchalik konsullik ro‘yxatidan o‘tishning huquqiy va amaliy afzalliklari, xususan, hujjatlarni rasmiylashtirishda yengilliklar, favqulodda holatlarda tezkor aloqa o‘rnatish imkoniyati, huquqiy himoya mexanizmlari haqida tushuncha berdi.

Tadbirda ishtirok etgan vatandoshlarning shaxsiy murojaatlari birma-bir eshitilib, ularning muammolari yuzasidan aniq va manzilli huquqiy tavsiyalar taqdim etildi. Jumladan, voyaga yetmagan farzandni O‘zbekistonga olib ketish tartibi va zarur notarial rozilik masalalari bo‘yicha ma’lumot berildi.

O‘zbekiston hududida joylashgan uy-joyga oid huquqni tasdiqlovchi hujjatlarni qonuniy rasmiylashtirish va masofaviy tartibda ishonchnoma berish imkoniyatlari bo‘yicha ham fikr almashildi.

Mamlakatimiz hududida firibgarlik qurboni bo‘lgan fuqaroning tergov jarayonlarida ishtirok etishi, ishonchli vakil orqali manfaatlarini himoya qilish mexanizmlari bo‘yicha atroflicha huquqiy tushuntirish berildi.

Tadbir doirasida fuqarolarga e-notarius.uz elektron platformasining imkoniyatlari, masofadan turib notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi, elektron ishonchnomalar va arizalarni rasmiylashtirishning zamonaviy va qulay jihatlari haqida taqdimot o‘tkazildi. Qayd etilganidek, mazkur platforma xorijdagi vatandoshlar uchun vaqt va mablag‘ni tejashga xizmat qiluvchi muhim huquqiy instrument hisoblanadi.

Uchrashuv yakunida Bosh konsulxona va Notarial palata o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, jumladan, Turkiyaning boshqa hududlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun sayyor qabul va uchrashuvlar tashkil etish orqali manzilli huquqiy yordam ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish