Milosh Stoyanovich: Samarqand forumi narkoqaramlikning oldini olish va davolash sohasida global standartlarni tatbiq etishda muhim maydon bo‘ldi
Aprel 23, 2026. 10:28 • 2 daq
• 62
SAMARQAND, 23-aprel. /“Dunyo” AA/. BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi vakili Milosh Stoyanovich “Dunyo” AAga Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Jamoat salomatligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi xalqaro forum yuzasidan fikr bildirdi:
– Samarqand xalqaro forumi jamoat salomatligi va xavfsizligiga oid muhim qismlarni o‘z ichiga oladi. Jamoat salomatligi haqida gapirganda, bizda ikkita panel sessiyasi o‘tkazish imkoni bo‘ldi.
Birinchi panel sessiyasi aynan profilaktika masalalariga bag‘ishlangan bo‘lsa, yana bir juda muhim sessiya jamoat salomatligi va xavfsizligi, davolash bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlangan.
Ushbu ikki sessiya davomida biz ham global darajadagi, ham Yevropa Ittifoqi miqyosidagi turli strategiyalar va standartlar bo‘yicha o‘ziga xos tajribalar hamda ekspertiza haqida ko‘proq maʼlumot olishga harakat qildik.
Profilaktika sessiyasi bilan bog‘liq muhim jihat shundaki, biz bolalikning ilk davrida ko‘zda tutilgan boshlang‘ich xizmatlar haqida ko‘proq muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldik.
Shuningdek, biz oilalarning o‘rni va taʼlim muassasalarining roli aslida nimadan iborat ekani haqida ham so‘z yuritdik.
Davolash nuqtayi nazaridan, biz mintaqaning o‘zi, yaʼni Markaziy Osiyo mintaqasi tajribasidan nimalarni o‘rganishimiz mumkinligi haqida fikr almashdik.
Shuningdek, Hindistondan kelgan mutaxassislar ham yangi tendensiyalar uchun qanday maxsus xizmatlardan foydalanayotgani haqida maʼlumot berdi. Bu sintetik narkotiklar va yangi psixoaktiv moddalarga qanday javob berishni tushunish bo‘yicha juda qiziqarli mavzulardan biri bo‘ldi.
Ushbu tadbir o‘tkazilayotgan Yoshlar sammiti bilan ham alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu yoshlarga mavjud muammolar yuzasidan o‘z takliflari va fikrlari bilan ishtirok etish imkonini yaratdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi