Novosibirskda mehnat qilayotgan vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi
Fevral 23, 2026. 19:43 • 3 daq
• 107NOVOSIBIRSK, 23-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari tashabbusi bilan Marg‘ilon shahridagi “Said Jalolxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi Yunusxon Mamarasulovning Novosibirsk va Kemerovo shaharlariga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida tashkil etilgan uchrashuvlarda Yunusxon Mamarasulov xalqimizning ijtimoiy-maʼnaviy hayotida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan, insonni ezgu amallarga undaydigan ushbu oylikni munosib o‘tkazish maqsadida bu yil yurtimizda keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borilayotganini alohida taʼkidladi.
Yurtimizda mahalla ahli, jamoatchilik vakillari uy-joylar, masjid va madrasalarni obod qilish, keksalar va yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘larga eʼtibor va hurmat ko‘rsatish, Ramazon oyi bilan bog‘liq tadbirlarni uyushqoqlik bilan o‘tkazishga katta eʼtibor qaratilayotgani eʼtirof etildi.
Imom-xatib fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlarning asl islomga hech qanday aloqasi bo‘lmagan turli buzg‘unchi diniy oqimlarga kirib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov O‘zbekistonda “Ramazon – mehr-muruvvat, hamjihatlik va shukronalik oyi” shiori ostida ishlab chiqilgan, ehtiyojmand oilalar va og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan shaxslarga yordam ko‘rsatishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar haqida gapirdi.
Yunusxon Mamarasulov Novosibirsk shahridagi “Musulmanskiy produkt”, “Zapadno-sibirskaya promishlennaya kompaniya”, “Maks avtoservis” kabi korxonalar hamda “Aziya-Sibir” ulgurji-taqsimot markazida mehnat qilayotgan 220 nafardan ortiq yurtdoshlarimiz bilan ham uchrashdi. Yurtdoshlarimizning mehnat, turmush va yashash sharoitlari o‘rganildi, fuqarolarimiz istiqomat qilayotgan xostellar ko‘zdan kechirildi.
Novosibirsk viloyati muftiysi Abdulhamid Shokirjonov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ekstremistik ruhdagi g‘oyalarning kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik, Novosibirsk va viloyat musulmon ummati tomonidan sof Islom arkonlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, O‘zbekiston fuqarolarining mintaqa hayotidagi ishtiroki kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Rossiya tomoni O‘zbekistondan yetakchi imom-xatiblarni masjidlarda maʼruzalar o‘qish va juma namozlarini ado etish uchun taklif etishni amaliyotga joriy etish muhimligini qayd etdi.
Imom-xatib Yunusxon Mamarasulov Novosibirsk jome masjidida juma namozida ishtirok etdi. Mazkur masjid Sibir federal okrugi hududidagi eng yirik masjid bo‘lib, bu yerda 500 dan ortiq kishi, jumladan, ko‘plab vatandoshlarimiz ham ibodatini ado etadi.
Yurtimizdan tashrif buyurgan imom-xatib o‘z maruzasida barcha yig‘ilganlarni muborak Ramazon oyi bilan samimiy muborakbod etib, Ramazon oyining ezgulik, mehr-oqibat va maʼnaviy birlik fasli ekaniga eʼtibor qaratdi.
Shuningdek, u O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatda muqaddas oyni munosib o‘tkazish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini, mahallalarda obodonlashtirish, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash va xayriya tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini taʼkidladi.
Kemerovo shahriga tashrif doirasida imom-xatibning Sibirdagi eng yirik madaniy majmua qurilishida ishlayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. U yerda hozirda ikki yarim mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarolari faoliyat yuritmoqda.
Yurtdoshlarimiz nafaqat mashaqqatli mehnatlariga o‘z vaqtida haq to‘lanayotgani, balki ularga yaratilgan sharoitlar: uch mahal bepul ovqat, yotoqxona, tibbiy sug‘urta, ish beruvchi hisobidan barcha zarur hujjatlar bilan taʼminlanganidan mamnunligini bildirdi.
Bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida hamyurtlarimiz O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi bilan doimiy aloqalari va muntazam ravishda o‘tkazilayotgan sayyor konsullik qabullari tufayli migratsiya qonunchiligini buzish holatlari kuzatilmayotganini taʼkidladi.
O‘tkazilgan suhbatlar davomida imom-xatib yig‘ilganlarga xalqimizning ijtimoiy-maʼnaviy hayotida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan, insonni ezgu amallarga chorlaydigan ushbu oylikni munosib o‘tkazish uchun bu yil ham O‘zbekistonda katta tayyorgarlik ishlari olib borilayotganini maʼlum qildi. Bularning barchasi insonparvarlik tamoyillariga asoslangan tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, mamlakat taraqqiyoti, aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotgani aytildi.
Imom-xatib Kemerovo masjidiga ham tashrif buyurib, u yerda muqaddas Ramazon oyida o‘z fikr va g‘oyalarini pok saqlash muhimligi haqida maʼruza qildi.
“Said Jalolxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi Yunusxon Mamarasulov O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan Novosibirsk shahridagi “Osiyo–Sibir” ulgurji-taqsimlash markazida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlar uchun tashkil etilgan iftorlikda ishtirok etdi.
Iftorlikda ikki yuzdan ortiq yurtdoshlarimiz qatnashdi. Imom-xatib o‘z nutqida Ramazon oyining maʼnaviy mohiyatini ochib berdi, Qurʼon suralaridan o‘qib, Islomning anʼanaviy qadriyatlariga sodiq qolish muhimligini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi







