Logo

Qatarda istiqomat qiluvchi o‘zbekistonlik talabalar Vatanni yanada rivojlantirishda ishtirok etish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi

Fevral 12, 2026. 16:10 • 2 daq

144
Qatarda istiqomat qiluvchi o‘zbekistonlik talabalar Vatanni yanada rivojlantirishda ishtirok etish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi
Qatarda istiqomat qiluvchi o‘zbekistonlik talabalar Vatanni yanada rivojlantirishda ishtirok etish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi
Qatarda istiqomat qiluvchi o‘zbekistonlik talabalar Vatanni yanada rivojlantirishda ishtirok etish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi

DOHA, 15-fevral. /“Dunyo” AA/. Yurtimizning Dohadagi elchixonasi, O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “Vatandoshlar” jamoat fondi hamkorligida Qatarning nufuzli universitetlarida tahsil olayotgan talabalar bilan onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Vatandoshlar” jamoat fondi boshqaruv raisi Odiljon Sattorov moderatorligida bo‘lib o‘tgan anjumanda oliy taʼlim sohasida qabul qilingan qarorlar, olib borilayotgan islohotlar va amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tildi. Maktab bitiruvchisi bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga yurtimiz va xorijda taʼlim olish uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, iqtidorli yoshlarga maxsus stipendiyalar ajratish va chet elga o‘qishga yuborish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha maʼlumot berildi.

Qatar va O‘zbekiston o‘rtasida taʼlim sohasida erishilgan yutuqlar, rejalashtirilayotgan muzokaralar, xususan, ehtiyojmand oila vakillariga ustuvorlik qaratilayotgani, o‘qishni tugatib qaytuvchi talabalarga O‘zbekistonda ishga joylashishi borasida so‘z yuritildi.

Muloqot jarayonida talabalar vazirlik va fond masʼullariga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi va bir qancha takliflarni ilgari surdi. Jumladan, taʼlim dasturlari, diplomlarni nostrifikatsiya qilish tartibi, kasbiy rivojlanish istiqbollari bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.

Tadbirda Dohadagi Karnegi Mellon universiteti talabasi Firdavs Fayzullayev so‘zga chiqib, ayni vaqtda Qatarda 40 nafadan ziyod o‘zbekistonlik yigit-qizlar o‘qiyotgani, ular o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha puxta bilim olayotganini bildirdi. Shu bilan birga, ular mamlakatimizda o‘z sohasi bo‘yicha O‘zbekiston rivojiga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida Dohadagi nufuzli universitetlarda taʼlim olgan yoshlarimiz kartotekasini tuzish va O‘zbekistondagi ish beruvchilarga tavsiya qilish taklifini ilgari surdi.

Shu bilan birga Qatardagi “Northwestern” universitetining jurnalistika fakulteti talabasi Farzona Yusufjonova yozgi taʼtilda O‘zbekistonda amaliyot o‘tash tashabbusini ilgari surdi. “Vatandosh” jamoat fondi bilan hamkorlikda ushbu takliflarni ishlab chiqib, amaliyotga joriy qilishga kelishib olindi.

Tadbir doirasida yoshlarimiz Elchixonaga Qatarga sayohat va boshqa maqsadlarda tashrif buyurib, qiyin vaziyatga tushib qolgan fuqarolarimizga yordam berish, muloqot qilish darajasi yo‘q bo‘lgan fuqarolarimizga amaliy ko‘mak ko‘rsatish ishiga ham ko‘ngilli ravishda ishtirok etish istagini bildirdi.

Bunga muvofiq, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi “Vatandosh” jamoat fondi vakilligi hamda Elchixona Qatardagi talaba yoshlar bilan ishlashni muvofiqlashtirish va doimiy muloqotni tashkil qilish yo‘lga qo‘yildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish