Amerika kolleji O‘zbekistonda o‘z kampusini ochishni rejalashtirmoqda
Oktabr 05, 2026. 12:30 • 2 daq
• 121SIETL, 5-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Sietl shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari va AQShning nufuzli “Green River College” rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Vashington shtatining Obern shahrida o‘tkazilgan muzokaralarda kollej prezidenti vazifasini bajaruvchi Jorj Freyzer hamda xalqaro dasturlar va qo‘shimcha ta’lim bo‘yicha vitse-prezident Vendi Styuart ishtirok etdi.
Uchrashuvda Amerika tomoniga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ta’lim islohotlari, yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, amaliy tayyorgarlikni kuchaytirish va xorijiy oliygohlar bilan hamkorlikni kengaytirish borasidagi ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Kollej rahbariyati ushbu islohotlarni yuqori baholab, o‘zbekistonlik hamkorlar bilan birgalikda ishlashga tayyorligini bildirdi.
Muzokaralarda “1+1+2” formatidagi ta’lim modeliga alohida e’tibor qaratildi. Taklif etilayotgan dasturga ko‘ra, talaba dastlabki bir yilni O‘zbekistonda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan kampusda, keyingi bir yilni esa “Green River College”ning AQShdagi asosiy kampusida o‘qishi, shundan so‘ng ikki yil davomida AQSh universitetida bakalavriatning 3–4-kurslarida tahsilni davom ettirishi nazarda tutilgan.
Kollej vakillarining fikricha, qabul, yosh, til va akademik talablar bajarilganda, mazkur yondashuv 9-sinf bitiruvchilariga maktab ta’limini kollejdagi o‘qish bilan uyg‘unlashtirib, to‘rt yil ichida to‘liq o‘rta ta’limni yakunlash va bakalavr darajasini qo‘lga kiritish imkonini beradi.
Uchrashuvda axborot texnologiyalari, dasturiy ta’minot ishlab chiqish, kiberxavfsizlik, buxgalteriya va aviatsiya yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni joriy etish, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Kollej rahbariyati mamlakatimizdagi manfaatdor ta’lim muassasalari bilan bevosita muloqot boshlashga tayyorligini ma’lum qildi.
1945-yilda tashkil etilgan “Green River College” turli ta’lim yo‘nalishlari, jumladan, boshqa oliy o‘quv yurtiga o‘tish (transfer) dasturlari, kasbiy va texnik ta’lim, amaliy bakalavriat darajalari hamda tayyorlov kurslarini taklif etadi. Hozirda kollejda 15 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

