O‘zbekiston va Daniya suv ta’minoti hamda energetika sohalarida hamkorlikni kengaytiradi
Iyun 23, 2026. 12:00 • 2 daq
• 137
TOSHKЕNT, 23-iyun. /“Dunyo” AA/. Daniya Eksport va investitsiya jamg‘armasi (“EIFO”) boshqaruvchi direktori Verner Grub boshchiligidagi delegatsiya V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvlar chog‘ida sanoat, qishloq xo‘jaligi, suvni tejash, energetika va sog‘liqni saqlash kabi sohalarga Daniya texnologiyalari, sarmoyalari va moliyaviy ko‘magini jalb etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Xususan, “O‘zsuvta’minot” AJ va Energetika vazirligi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda O‘zbekiston suv ta’minoti tizimiga Daniyaning zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalarini joriy etish, suv xo‘jaligi va energetika sohalaridagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamda ularni moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Jamg‘arma vakillari kredit mablag‘larini imtiyozli shartlarda jalb qilish respublika suv ta’minoti infratuzilmasini modernizatsiya qilish, energiya iste’molini kamaytirish hamda soha samaradorligini oshirish uchun zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etishga xizmat qilishini ta’kidladi.
“O‘zsuvta’minot” AJ bilan o‘tkazilgan muzokaralarda tomonlar mamlakatning hududiy ehtiyojlarini inobatga olgan holda jamg‘armaga loyiha takliflarini tayyorlash va taqdim etishga kelishib oldi. Energetika vazirligi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda esa Daniya texnologiyalari va moliyaviy vositalarini jalb qilish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi