Norvegiyalik tadbirkor Jizzaxda yangi IT-kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazdi
Iyun 22, 2026. 10:30 • 1 daq
• 157
TOSHKENT, 22-iyun. /“Dunyo” AA/. Norvegiyaning “Resilienza Holding” kompaniyasi bosh direktori Devid Milanovich Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Anjuman doirasida norvegiyalik biznesmen O‘zbekistonda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay investitsiya muhiti va axborot texnologiyalari sohasiga qaratilayotgan yuksak eʼtiborni yuqori baholadi. Mazkur izchil islohotlarning amaliy natijasi sifatida u o‘zining “Varde Group” IT-kompaniyasini Jizzaxdagi IT-park rezidenti sifatida rasman ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Tadbirkorning taʼkidlashicha, O‘zbekistonda IT-sektorining jadal surʼatlar bilan rivojlanayotgani, soha vakillari uchun taqdim etilayotgan keng ko‘lamli soliq va bojxona imtiyozlari hamda eng muhimi, yosh va malakali kadrlar salohiyati kompaniyaning yurtimizda o‘z faoliyatini boshlashiga asosiy turtki bo‘lgan.
Devid Milanovich kelgusida mazkur kompaniya orqali O‘zbekistonning raqamli salohiyatidan foydalangan holda Norvegiya va boshqa Skandinaviya mamlakatlari bozorlarida yirik IT-loyihalarni kengaytirishni hamda raqamli xizmatlar eksportini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi