Londondagi Qirollik veterinariya kolleji bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
Yanvar 15, 2026. 09:20 • 48 soniya
• 196
LONDON, 15-yanvar. /“Dunyo” AA/. Londondagi Qirollik veterinariya kolleji, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti masʼullari ishtirokida onlayn uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Qirollik veterinariya kolleji 1791-yilda tashkil etilgan. Hozirda muassasada 2600 nafarga yaqin talaba hamda 500 nafarga yaqin ilmiy izlanuvchi tahsil olmoqda.
Muloqot jarayonida Qirollik veterinariya kolleji hamda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti o‘rtasida hamkorlik qilish, amalga oshirilayotgan taʼlim dasturlari, veterinariya tadqiqotlari to‘g‘risida fikr almashildi.
Veterinariya sohasida oliy taʼlim tizimini rivojlantirish va taʼlim muassasalari o‘rtasida manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun qisqa muddatli stajirovkalar va malaka oshirish dasturlarini joriy etish bo‘yicha to‘xtalib o‘tildi.
Veterinariya taʼlimida zamonaviy yondashuvlar bilan o‘quv rejalar va dasturlarni takomillashtirish, hayvonlar sog‘lig‘i, zoonoz kasalliklar, oziq-ovqat xavfsizligi va biotexnologiya yo‘nalishlarida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish yuzasidan kelishuvlar amalga oshirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi