O‘zbekiston Britaniyaning yetakchi OTMlari bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda

May 17, 2026. 11:30 • 2 daq

68
O‘zbekiston Britaniyaning yetakchi OTMlari bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda

LONDON, 17-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Buyuk Britaniyaning yetakchi OTM va taʼlim tashkilotlari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralarda Buyuk Britaniyaning London Qirollik kolleji, Edinburg, Uorik, Reding universitetlari hamda Sharq va Afrika tadqiqotlari maktabi (SOAS), Goldsmits kolleji, London universiteti, Londondagi Ridjents universiteti va “Studynet Group” tashkiloti vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida oliy taʼlim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Qo‘shma taʼlim dasturlari va fakultetlarini tashkil etish, ilmiy-tadqiqot sohasidagi sheriklikni kengaytirish, shuningdek, o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi dasturlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, Buyuk Britaniyaning yetakchi universitetlari tajribasini O‘zbekiston oliy taʼlim tizimiga joriy etish, zamonaviy taʼlim standartlari va innovatsion yondashuvlar asosida kadrlar tayyorlash hamda akademik mobillikni rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Britaniya tomoni O‘zbekistonda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy universitetlar bilan hamkorlik uchun yaratilayotgan sharoitlar va istiqbolli loyihalarni ijobiy baholadi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni mustahkamlash, amaliy natijalarga yo‘naltirilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, kelgusida muntazam muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish