Pokiston kompaniyasi O‘zbekistonda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirdi

Sentabr 07, 2026. 22:30 • 2 daq

90
Pokiston kompaniyasi O‘zbekistonda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirdi

ISLOMOBOD, 7-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev Karachi shahriga tashrifi davomida “Arif Habib Group” kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Arif Habib bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida Pokiston vakili O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar va mamlakatimizning mintaqaviy iqtisodiy salohiyati bilan batafsil tanishtirildi.

Tomonlar mineral o‘g‘itlar va kimyo mahsulotlari, energiya tejamkor qurilish materiallari, metall konstruksiyalar va sanoat butlovchi qismlarini ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Shuningdek, turar joy va ko‘p funksiyali majmualar, logistika va sanoat parklari, mehmonxona hamda turizm infratuzilmasini barpo etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Kapital bozorini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, xususiylashtirilayotgan yoki IPOga tayyorlanayotgan mahalliy korxonalarni baholash, ularga moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish va xorijiy sarmoyalarni jalb qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

— O‘zbekistondagi investitsiya muhiti xorijiy investorlarda, shu jumladan, Pokiston biznesida katta qiziqish uyg‘otmoqda, — dedi kompaniya rahbari Arif Habib. — Biz O‘zbekistonga sarmoya kiritish orqali Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyatlarini o‘rganayapmiz. Kompaniyamizning ko‘chmas mulk sohasida Karachi, Lahor va Islomobod shaharlarida yirik loyihalarni amalga oshirish tajribasi, shuningdek, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishdagi salohiyati O‘zbekiston bilan hamkorlik uchun muhim asos bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, “Arif Habib Group” rahbari O‘zbekiston fond bozori, valyuta operatsiyalari, xususiylashtirish jarayonlari va tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatiga alohida qiziqish bildirdi.

Uchrashuv yakunida “Arif Habib Group” delegatsiyasining O‘zbekistonga amaliy safarini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.


Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish