O‘zbekiston va Rostov viloyati hamkorlikni kengaytirmoqda

Sentabr 07, 2026. 17:00 • 2 daq

175
O‘zbekiston va Rostov viloyati hamkorlikni kengaytirmoqda

ROSTOV-DON, 7-sentabr. /“Dunyo” AA/. Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusar bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Rostov viloyati o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi, shuningdek, taʼlim, turizm va mehnat migratsiyasi sohalaridagi sheriklik istiqbollari muhokama qilindi.

Hududlararo hamkorlikni mustahkamlash, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida bevosita aloqalarni rivojlantirish va Rostov viloyati korxonalarini O‘zbekistonning erkin iqtisodiy zonalaridagi investitsiya loyihalariga jalb etishga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, Termiz shahridagi “Ayritom” erkin savdo zonasida ishlab chiqaruvchilarning doimiy faoliyat yurituvchi ko‘rgazma-savdo pavilyonini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.

Rossiya tomoni Rostov viloyati munitsipal tuzilmalari hamda O‘zbekiston shahar va tumanlari o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish orqali hududlararo hamkorlik geografiyasini kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.

Fuqarolarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kontekstida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun patentlarni tegishli tartibda rasmiylashtirish va berish hamda arizalarni ko‘rib chiqishda asossiz ushlanib qolish va boshqa to‘siqlarga yo‘l qo‘ymaslik masalalari ham muhokama qilindi.

Shuningdek, taʼlim muassasalari o‘rtasidagi sheriklikni, shu jumladan muhandis-texnik kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha belgilangan hamkorlik yo‘nalishlarini amalga oshirishni davom ettirish, shuningdek, 2027-yil bahorida Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusarning O‘zbekistonga tashrifini va qator hududlarda tegishli tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish