Logo

O‘zbekiston va XMT o‘rtasidagi aloqalar yanada kengaytiriladi

Fevral 23, 2026. 16:50 • 52 soniya

79
O‘zbekiston va XMT o‘rtasidagi aloqalar yanada kengaytiriladi

JENEVA, 23-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning BMT bo‘limi va Jenevadagi boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Eldiyor Toshmatov Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) Bosh direktori Emi Poup bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar O‘zbekiston va XMT o‘rtasidagi aloqalar ustuvor yo‘nalishlarda, xususan, mehnat migratsiyasini qo‘llab-quvvatlash, migrantlar huquqlarini himoya qilish hamda qo‘shma taʼlim dasturlarini amalga oshirish borasida jadal rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

XMT Bosh direktori Emi Poup O‘zbekistonning mintaqaviy va global migratsiya jarayonlaridagi konstruktiv rolini yuqori baholadi. U mamlakatimizning Markaziy Osiyodagi ishonchli hamkor sifatidagi mavqei mustahkamlanib borayotganini, O‘zbekiston Sharq va G‘arb o‘rtasida muhim bog‘lovchi bo‘g‘inga aylanayotganini alohida taʼkidladi.

Emi Poup O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida migratsiya sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga, jumladan, normativ-huquqiy bazani modernizatsiya qilish va mehnat migrantlarini ijtimoiy himoya qilish mexanizmlari yaratilganiga ijobiy baho berdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar strategik sheriklikni mustahkamlash va mintaqada migrantlar huquqlarini taʼminlash borasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish